26 yoshli MMA jangchisi Parijdagi otishmada vafot etdi
Sport
−
11:13 1185 1 daqiqa
Fransiyalik aralash yakkakurash ustasi, 26 yoshli Pengo Bossio Vangi Parij yaqinidagi Trapp shahrida sodir bo‘lgan otishma oqibatida vafot etdi. Bu haqda u faoliyat yuritgan Atch Academy klubi Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 23 oktyabr kuni ertalab Fransiyaning Ivelin departamentidagi bir nechta hududda qurolli hujum sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, besh kishi og‘ir jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida 12 yoshli qiz ham bor. Ma’lum qilinishicha, hujumchi avtomobildan turib avtomatik quroldan o‘q uzgan. U hibsga olingan.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunesning aytishicha, prokuratura hodisani terrorchilik harakati sifatida baholagan. Hujum irqiy nafrat sababli sodir etilgan bo‘lishi mumkinligi ham aytilgan.
Fransiyaning sobiq sport vaziri Ameli Udea-Kastera jangchining oilasi, klubi va murabbiyiga hamdardlik bildirgan.
“Pengo Bossio Vangi bizning birimiz edi. U oramizdan ketdi. Fransiyada bunday keskin nafratning kuchayib borayotganini hech birimiz qabul qila olmaymiz. Keling, u ildiz otishidan oldin uni to‘xtataylik”, deb yozdi Ameli Udea-Kastera X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ma’lumot uchun, Pengo Bossio Vangi Atch Academy klubi sharafini himoya qilgan. U havaskorlar darajasida yarim o‘rta vazn (77 kilogrammgacha) va o‘rta vazn (84 kilogrammgacha) toifalarida jang qilgan. Jangchining hisobida uchta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyat mavjud.
Live
Barchasi23 Oktyabr