2034 yilga borib Xitoy YAIM bo‘yicha AQSHni ortda qoldirishi mumkin
Olam
−
11 iyul 2023
4441Xitoy 2034 yilga kelib nominal yalpi ichki mahsulot bo‘yicha (YAIM) AQSHni ortda qoldirishi mumkin. Bu haqda “Focus Economics” nashrining 2050 yilgacha bo‘lgan prognozida aytilgan.
Keltirilishicha, yalpi ichki mahsulot dinamikasining hozirgi traektoriyasi Xitoyning o‘sish sur’atlarining AQSHdagi o‘sish sur’atlari bilan taqqoslanadigan darajada asta-sekin pasayishini ko‘rsatadi, ammo mutaxassislar bu prognoz uchun jiddiy xavflar borligidan ogohlantirmoqda.
Hindiston va Indoneziyada, aksincha, yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoladi. Bu esa ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu mamlakatlarga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallash imkonini beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil oxirida Amerika iqtisodiyoti (yalpi ichki mahsulotning nominal hajmi va bozor kursini hisobga olgan holda) Xitoynikidan 42 foizga yuqori bo‘lgan. Ammo 2034 yilga kelib, Xitoy yalpi ichki mahsuloti 41 trillion dollarga yetishi mumkin, AQSHniki esa yalpi ichki 40 trillion dollarni tashkil qiladi.
“Focus Economics”ga ko‘ra, 2050 yilga kelib bu farq 20 foizgacha oshadi. Bunda Xitoy yalpi ichki mahsuloti 84 trillion dollarni tashkil qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, Xitoy hosildorlikni va urbanizatsiya darajasini oshirishi mumkin, biroq aholining qarishi, shuningdek, texnologik rivojlanishdagi cheklovlar o‘sish uchun jiddiy cheklov bo‘ladi.
“Bu mamlakat ichidagi qattiqroq tartibga solishga ham, tashqi savdodagi cheklovlarga ham tegishli. Ushbu tendensiyalarni kuchaytirish Xitoyning yalpi ichki mahsulot bo‘yicha AQSHga yetib borishiga to‘sqinlik qilishi mumkin”, deyiladi prognozda.
Aytilishicha, AQSH iqtisodiyoti uchun asosiy xavf siyosiy tizimning qutblanishi bo‘lib qolmoqda, bu esa institutlarga zarar yetkazishi mumkin. Shu bilan birga, Tayvan atrofidagi mojaroning kuchayishi har ikki tomon uchun ham aniq oqibatlarga olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi