2025 yil iyun oyidan “O‘zbekiston – iste’dodlar zamini” (Uzbekistan: Land of Talents) yoshlar harakatiga start berilmoqda
Biznes
−
26 may 2025 3998 2 daqiqa
Harakatning ilk loyihasi sifatida, 5-10 iyun kunlari, Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan hukumat ko‘magida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi old maydonida ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
Tadbirlarning markaziy voqeasi – 5 iyun kuni Abu-Dabida o‘tadigan BAA-O‘zbekiston hamda 10 iyundagi O‘zbekiston-Qatar o‘yinlari. O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2026'ga chiqishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu o‘yinlarga millionlab o‘zbekistonliklarning e’tibori qaratilgan. Shunday pallada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning barcha xarajatlari Kapitalbank, Uzum va Ucell kompaniyalari tomonidan to‘liq moliyalashtirilmoqda. Ushbu kompaniyalar O‘zbekistonda inson kapitali va iste’dodlarni rag‘batlantirishni o‘z ijtimoiy mas’uliyatining muhim qismi deb hisoblaydi.
100 mingdan ortiq yoshlar (16 yoshdan 40 yoshgacha) qatnashishi kutilayotgan tadbirlar dasturiga nafaqat futbol namoyishi, balki konsertlar hamda motivatsion shoular ham kiritilgan. Ularda ishtirok etish uchun Telegram'da @land_uzbot orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
5 iyun kuni “O‘zbekiston – iste’dodlar zamini” yoshlar harakati tadbirlari soat 19:00 dan boshlanadi. Loyiha tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Zo'r TV o‘yinlarni maydondagi katta ekranda translyatsiya qilibgina qolmay, bir necha soatli yoshlar tadbirlarining o‘zini ham jonli efirda namoyish qiladi. Milliy terma jamoaga ishonch bildirish uchun Toshkent shahrida yashovchi va unda mehmon bo‘lib turgan minglab yoshlar, jamoatchilik faollari, sport sohasi va kreativ sanoat vakillari, jurnalist, bloger va inflyuyenserlar bir maydonda yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston – iste’dodlar zamini” yoshlar harakatning asosiy maqsadi –O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlarni umumiy vatanparvarlik g‘oyasi ostida birlashtirish, ularga katta maqsadlar sari intilishga rag‘bat berish. Harakat Toshkent shahrida o‘tkaziladigan shu kabi tadbirlarning yillik dasturini o‘z ichiga oladi.
Live
Barchasi