2023 yilda kutilayotgan soliq siyosatidagi asosiy o‘zgarishlar e’lon qilindi

Biznes

2023 yil soliq siyosatini belgilashda bir qator o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda. Takliflar haqida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov kecha, 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ma’lumot berdi. 

Tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash borasida soliq stavkalarini pasaytirish va unifikatsiya qilish hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida quyidagilar taklif qilinmoqda. 

Qo‘shilgan qo‘shimcha soliq stavkasi amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi. Ishmetovga ko‘ra, bu soliq siyosatidagi eng muhim o‘zgarish.

“Soliq stavkasining uch foiz banga pasaytirilishi tadbirkorlar ixtiyorida qo‘shimcha 13 trln so‘m aylanma mablag‘ qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga ushbu soliq bo‘yicha tushumlar joriy yilga nisbatan 16 trln so‘m ko‘p bo‘lishi prognoz qilinmoqda”, deydi Ishmetov. 

Tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar yaratish uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 14 faoliyat turi bo‘yicha 4 foizdan 25 foizgacha belgilangan stavkalari unifikatsiya qilinib, yagona 4 foiz etib belgilanmoqda. Bunda hudud va faoliyat turiga qarab, 1 foizdan 3 foizgacha belgilangan pasaytirilgan stavkalar saqlanib qoladi. 

Tovar aylanmasi 500 mln so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun yiliga 20 mln so‘m, aylanmasi 500  mlndan yuqori bo‘lganlar uchun yiliga 30 mln so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliqni har oyda teng ulushlarda to‘lash huquqi berilmoqda. Ushbu soliq to‘lovchilar buxgalteriya hisobini yuritishdan hamda foydasidan to‘lanadigan divident solig‘idan ozod qilinadi. 

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda solig‘i stavkasini 2 baravarga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. 

Mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlash uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari va bazalari inflyatsiya doirasida yoki 10 foiz indeksatsiya qilinishi nazarda tutilgan. Bunda aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiyasini 2023 yil 1 fevraldan amalga oshirish rejalashtirilgan.

2023 yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

2023 yil 1 apreldan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan bir qator xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozlar bekor qilinmoqda. Shu bilan birga, 2023 yilda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining muddatlari tugashi byudjet daromadlarida inobatga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

247

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing