2023 yilda ko‘p qavatli uy-joylar qurish 90 mingtaga yetkaziladi
Jamiyat
−
13 aprel 2023
4699“Yangi O‘zbekiston” va boshqa davlat dasturlari doirasida qurilgan massivlarning bo‘sh yerlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurishni davom ettirish va 2023 yilda qurish hajmlarini 90 mingtaga yetkazish taklif etilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 31 mingta, boshqa davlat dasturlaridagi massivlarda 8 mingta, xususiy pudrat tashkilotlari hisobidan 51 mingta kvartiralar qurilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini kengaytirish hamda 9 ta yangi massivlarni tashkil qilish uchun 140 ta qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasi o‘zgartirilmoqda va hokimlar zimmasiga ajratiladigan yerlarning 5 baravari miqdorida yangi yerlarni o‘zlashtirish vazifasi yuklanmoqda.
Massivlarning ichki yo‘llarini qurish Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi zimmasiga yuklanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilishi va buning uchun “Sanoat qurilish bank” ATB tomonidan 10 mln dollar kredit liniyasi ajratilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, qurilish, adliya, iqtisodiyot va moliya idoralari vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
Hududlarda suv, oqova, elektr, gaz, yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga investor-developerlarni jalb qilish, shuningdek, seysmik xavfsizlik va qurilishda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha alohida qaror loyihalari ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.
LiveBarchasi