2023 yilda QQS kamaytirilib, yer va mulk soliqlari birlashtiriladi

Jamiyat

image

Kecha, 16 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasida sohani takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda 2026 yil borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingani qayd etildi. Shuningdek, 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish mo‘ljallangan.

Yig‘ilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

1

Shavkat Mirziyoyev soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Buning natijasida jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.

Prezident dunyodagi tez o‘zgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlarga ko‘mak berish zarurligini alohida ta’kidladi.

"Men bu yerga soliq to‘lovchilarning vakili bo‘lib keldim. Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni to‘g‘ri qilib, bilmaganlarga o‘rgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi bo‘lishi kerak", degan Shavkat Mirziyoyev.

Aytib o‘tilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar ham paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni o‘rgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Soliq qo‘mitasiga barcha hududlarda tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazish, ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish vazifasi qo‘yildi.

Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi kerakligi aytildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilgan edi. Prezident Mirziyoyev u yerda kadrlar tayyorlash sifatiga e’tibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing