2023 yil 1 yanvardan tadbirkorlarga qator yengilliklar beriladi

Jamiyat

image

Bugun, 15 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda biznesni tartibga soluvchi 6 mingdan ortiq me’yoriy-huquqiy va 40 mingta texnik hujjatlar mavjud. Ayrim eski talablar yangi mahsulotlar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishni qiyinlashtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq tadbirkorlarning zamonaviy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan talablar qayta ko‘rib chiqilib, bir qator yengilliklar joriy qilindi.

Xususan, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish vositalarini aniq belgilandi. Bular davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziyalash va ruxsat berish, texnik tartibga solish, tarif va notarif tartibga solish, majburiy sug‘urta, davlat nazorati, raqobatni himoya qilish, javobgarlik o‘rnatish kabilardir.

Tahlillardan kelib chiqib, ko‘plab tartib-taomillar ham qisqartirildi. Masalan, tadbirkorlik sub’ektining ustav fondi kamaytirilayotganida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish, elektr energiyasi ortiqcha iste’mol qilinganida uni uzib qo‘yish, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni soliq organlarida alohida hisobga qo‘yish kabi jarayonlar ko‘p ovoragarchilikka sabab bo‘layapti. 2023 yil 1 yanvardan bunday majburiy talablar bekor qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestrini shakllantirish mo‘ljallangan. U ikki bosqichda qilinib, 2025 yil 1 iyuldan to‘liq ishga tushiriladi. Bu reyestrga kiritilmagan talablar bo‘yicha tadbirkorga nisbatan javobgarlik belgilash taqiqlanadi.

Ilgari amal qilgan tartibga ko‘ra, yuridik shaxsning ish haqlari va boshqa daromadlari, ular bo‘yicha hisoblangan soliq summalari to‘g‘risidagi hujjatlar 75 yil davomida qog‘oz holida saqlanishi kerak edi. Yangi farmon bilan ma’lumotlar soliq idoralari bazasida borligi uchun ularni qog‘ozda saqlash bekor qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlarining ichki buxgalteriya birlamchi hujjatlarini axborot tizimlari orqali tuzganda, ularni qog‘oz shaklida yuritishdan ozod etilmoqda. Bu o‘zgarishlar natijasida 587 mingta korxona qog‘ozbozlikdan qutulib, ishi yengillashadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab soliq organlariga moliyaviy hisobotlarni har chorakda taqdim qilish, 9 xil statistika hisobotlarini topshirish amaliyoti bekor qilindi.

Davlat rahbari mutasaddilarning axborotini tinglab, ushbu farmon ijrosini samarali tashkil etish, mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini yuritishni soddalashtirish, qulay biznes muhitini yaratish ishlarini izchil davom ettirishga ko‘rsatma berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

465

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing