2022 yilda sohalarga qancha mablag‘ ajratish rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2021 yilning kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar, 2022 yil uchun Davlat byudjetining loyihasi muhokama qilindi.

Dastlabki statistik ma’lumotlar joriy yilning 9 oylik yakunlari bilan respublikada yalpi ichki mahsulotning 6,9 foizga o‘sganligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu davrda 338 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. 77 mingga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ekti o‘z ishini boshladi. Investitsiyalar hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32 foizni tashkil qildi.

Joriy yilning 9 oyida eksport hajmi, oltin eksportini inobatga olmagan holda 34,1 foizga o‘sib, 8,9 milliard dollarni tashkil etdi.

Joriy yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 6,5-7 foiz atrofida bo‘lishi, bunda sanoatda ishlab chiqarish hajmi – 9,1, qurilish ishlari hajmi – 6,6, xizmatlar sohasi – 8,6 va Qishloq xo‘jaligi – 2,8 foizga ko‘payishi kutilmoqda.

2022 yilda YAIMning 5,9 foizga o‘sishi, kelgusi yillarda esa o‘sish sur’atlarining bundan yuqori bo‘lishi hisob-kitob qilingan.

Hukumat oldida 2026 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM miqdorini 2 800 dollarga yetkazish va 2030 yilga borib esa 4000 dollardan oshirish va o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish vazifasi turibdi.

2022 yilgi soliq siyosatida O‘zbekiston iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida bir qator o‘zgarishlar taklif qilinmoqda.

Xususan, 2022 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 2 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirish;

Foyda solig‘i hisoblashda investitsiyaviy chegirma miqdorini yangi texnologik uskunalar uchun 10 foizdan20 foizgacha, binolar uchun 5 foizdan 10 foizgacha oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, amortizatsiya normalarini o‘rtacha 2,5 barobarga oshirish taklif qilinmoqda.

2022 yilgi byudjet loyihasining xarajatlar qismida inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududlarda aholining turmush sharoitini yaxshilash tadbirlarining ustuvorligi belgilangan.

Davlat byudjeti loyihasida ijtimoiy sohaga mablag‘ ajratilishining ustuvorligi ta’minlangan holda, ularning salkam 45 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalariga hamma tadbirlarni va tarbiyalanuvchilar soni oshganligini inobatga olgan holda joriy yilga nisbatan 2,2 trillion so‘m ko‘paytirilib, 8,7 trillion so‘m, xalq ta’limiga 30,3 trillion so‘m yoki 6,5 trillion so‘m ko‘p, o‘rta maxsus va oliy ta’limga 7,5 trillion so‘m yoki 3,1 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratilmoqda.

2022 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 22,6 trillion so‘m yoki jami xarajatlarning 11 foizi rejalashtirilgan.

2022 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021 yildagi o‘rtacha 1 million 200 mingdan 1 million 440 minggacha oshib, jami oilalarning 16,5 foizi qamrab olinadi. Tuman va shaharlar byudjetlarining 5 foizi, ya’ni 1,4 trillion so‘m mablag‘ “Ochiq byudjet portali” orqali bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

2022 yilda ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar va pensiyalar miqdorini inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atlarda oshirish uchun byudjet loyihasida yetarli mablag‘lar ko‘zda tutilgan.

2022 yil Byudjetnomasida xalqaro moliya institutlari ekspertlari texnik ko‘magi asosida ishlab chiqilgan, vazirlik va idoralarning navbatdagi uch yillik byudjet xarajatlari bo‘yicha rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari aks ettirilmoqda.

Majlisda barcha rahbar xodimlar davlat byudjetining har bir so‘mi samarali ishlatilishiga javobgar ekanligi alohida ta’kidlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini joriy yilda kutilayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizdan 3,0 foizgacha pasaytirish lozimligi belgilab olindi.

Majlisda bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda 2022 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va Byudjetnoma Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

52

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing