O‘zbekiston energetika korxonalari 2022 yilni faqat zarar bilan tugatgan

Jamiyat

image

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekistonning 2022 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan TOP-20 davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini ochiqladi. Ular orasida energetika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi korxonalar ko‘proq.

Agentlikning 2022 yil yakuni bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat korxonasi “O‘zagroeksportbank” tijorat banki bo‘lib, u 2023 yil boshida xususiylashtirilgan edi. Korxona 2022 yilda jami 18,5 trln so‘m zarar ko‘rgan va bunga sabab muammoli kreditlar ekani aytilgan.

Shuningdek, 10 ta eng ko‘p zarar ko‘rganlarning naq oltitasi elektr energiyasi ta’minoti tizimidagi davlat korxonalaridir.

Bular:

•  “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” – 4,3 trln so‘m;

•  “UzGasTrade” – 3,9 trln so‘m;

•  “O‘ztransgaz” – 2,2 trln so‘m;

•  Yangi Angren IES AJ – 237 mlrd so‘m;

•  Angren IES AJ – 207 mlrd so‘m;

•  “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – 56,7 mlrd so‘m zarar qilgan.

Bundan tashqari, o‘nlik ro‘yxatda 2021 yilni 52 mlrd so‘m foyda bilan yakunlagan “O‘zbekiston temir yo‘llari”AJ ham bor. U 2022 yilda 1,17 trln so‘m zararga kirgan.

Yo‘l haqi uchun yangi narxlarni joriy qilishni kechiktirayotgan “Toshshahartransxizmat” byudjetida naq 155 mlrd so‘m kamomad aniqlangan bo‘lsa, yirik korxonalardan biri bo‘lgan “O‘zsuvqurilish” AJda bu miqdor 1,6 mlrd so‘mga teng.

2022 yilda zararga kirgan davlat ishtirokidagi unchalik yirik bo‘lmagan korxonalarning ro‘yxatida esa bir qancha issiqlik ta’minoti korxonalari bor.

Masalan, “Angren issiqlik energiyasi” DUK 2022 yilda 58,4 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Mazkur korxona 2021 yilda 68,3 mlrd so‘mni yo‘qotgan edi.

“Toshkent issiqlik markazi” DUK esa o‘tgan yili 52,4 mldrlik kamomadni qayd etgan. “Issiqlik manbai” DUK 34 mlrd so‘mni o‘z zararlari hisobiga yozib qo‘ygan. Toshkent viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasida bu raqamlar 22 mlrdga teng.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi issiqlik ta’minoti korxonalarining zarar ko‘rib faoliyat yuritish sabablarini quyidagicha izohlagan:

•  markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlari hamda markaziy qozonxonalar eskirganligi; 

•  issiqlik energiyasi ko‘p miqdorda yo‘qotilayotganligi; 

•  iste’molchilarning yildan yilga qisqarib borayotganligi (aholi tomonidan gaz yoki muqobil isitish tizimiga o‘tilayotganligi).

Elektr energiyasi ta’minoti tizimidagi korxonalarning katta miqdorda zarar ko‘rayotganiga esa valyutada jalb qilingan kreditlar bo‘yicha valyuta kursi farqi, yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun mablag‘larning vaqtida to‘lanmasligi, narxlarning pastligi, energobloklarning past quvvatda ishlashi, ko‘mir yoqilg‘isi tabiiy gazga nisbatan qimmatligi kabi sabablar keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

energetika zarar Davaktiv davlat korxonalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing