2022 yilda 56 mingdan ortiq odam sudlandi. Ularning 90 foizi erkaklar

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2022 yil davomida 56 542 nafar shaxs sudlangan. Ularning 50 045 nafarini, ya’ni deyarli 90 foizini erkaklar tashkil qilsa, 6497 nafari ayol xissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Oliy sudning aniqlik kiritishicha, sudlanganlarning 21 958 nafari yoshlar (1773 nafari voyaga yetmagan) va 1885 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar hisoblanadi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida 1010 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan. 17 610 nafar shaxsga nisbatan esa ozodlikdan mahrum qilish va 37 503 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan. 1429 nafar shaxs shartli hukm qilingan. 

Shuningdek, 8453 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan, 26 753 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etilib, 10 202 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan. 13 824 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalangan.

495 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

“Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlarining aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, bezorilik, pora berish, qasddan badanga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlar tashkil etdi”, deyiladi xabarda.

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 15 315 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Yetkazilgan 1,3 trln. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 8719 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Ma’lum qilinishicha, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 14 518 nafar shaxsga nisbatan 10 549 ta jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. 1013 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3611 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 6264 nafar shaxsga nisbatan 5613 ta jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. 1245 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 534 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 309 nafar shaxsga nisbatan 271 ta jinoyat ishlari takroran ko‘rib chiqilgan. 180 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 93 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing