2021 yilning I yarmida byudjet xarajatlari qanchani tashkil etdi?

Jamiyat

image

2021 yil yanvar-iyun oylarida respublika iqtisodiyotining YAIM hajmi 6,2 foizga o‘sib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay 318,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis Senatining XIX yalpi majlisida o‘qib eshittirilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yilning birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan.

Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sanoatda 8,5 foiz, qurilishda 0,1 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 1,8 foiz hamda xizmatlarda 8 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa - 10,9 foizni tashkil etgan.

Davlat byudjeti daromadlari 2021 yil birinchi yarim yilligida 74,9 trln so‘mni, xarajatlari - 79 trln 331,9 mlrd so‘mni tashkil etib, prognozga nisbatan 107 foizga yoki 5,4 trln so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga oshgan.

QQS bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq to‘lovchilarga respublika byudjetidan 7,6 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan ko‘p mablag‘ qaytarib berilgan.

Davlat byudjetining 2021 yil birinchi yarim yilligi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 79 trln 331,9 mlrd so‘mni aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YAIM ga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9 foiz, xarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.

Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad ko‘rsatkichi 2 trln 639 mlrd so‘m ortig‘i bilan ijro etilgan.

2021 yilda davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari yillik prognozga nisbatan 44%ga bajarilgan. Bu ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini bergan.

Majlis davomida byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.  Xususan, Moliya vazirligiga quyidagi vazifalar yuklandi:

•    Davlat byudjetidan ichimlik va oqava suv ob’ektlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli xarajat qilish ustidan nazorat o‘rnatish;
•    ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya loyihalari dasturlari uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi hamda xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi vazirliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyat samaradorligi indikatorlari ijrosi yuzasidan moliyaviy nazoratni o‘rnatish;
•    DSQ va DBQlari bilan birgalikda davlat byudjetiga daromadlarni o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash, soliq qarzi va ortiqcha to‘lov miqdorlarini qisqartirish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish;
•    soliqlarning yig‘uvchanlik darajasini oshirish, qo‘shimcha daromad manbalari hamda yashirin iqtisodiyot tarmoqlarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing