2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi soddalashtiriladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, tugatish jarayonini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma’muriy cheklovlarni bekor qilish, biznesni yuritish bo‘yicha xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yanada yaxshilash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Davlat soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalarni tugatish;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini bekor qilish;

davlat organlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini joriy etish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar va tartib-taomillarni qisqartirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. 2020 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

a) tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni(keyingi o‘rinlarda – korxonalar) ixtiyoriy tugatishda:

bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi, bunda tegishli ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi;

davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkaziladigan, tugatiladigan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi uch yilni tashkil etadi;

moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun vakolatli davlat organlaridan korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni olish Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi o‘rinlarda – Tizim) orqali amalga oshiriladi;

korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak;

b) tadbirkorlik sub’ektlari – jismoniy shaxslar faoliyatini to‘xtatishda ariza beruvchi tomonidan davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish talab etilmaydi;

v) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatishda:

korxonani moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etadi;

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkaziladi;

harakatsiz rejimga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reyestridan chiqaradi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, Tizimga ulangan davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan tegishli axborotlarning o‘z vaqtida, to‘liq va ishonchli tarzda kiritilishini ta’minlamaslik davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibini buzish deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Tizimga ulangan davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan tegishli axborotlar o‘z vaqtida, to‘liq va ishonchli tarzda kiritilishi ustidan, shu jumladan, Tizim orqali doimiy nazorat o‘rnatsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bir oy muddatda ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining hujjatlarini qabul qilishda arxiv xizmatlarining amaldagi normativ bo‘yicha aniqlanadigan narxlarini ikki barobargacha pasaytirish choralarini ko‘rsin hamda natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Tizimni mazkur Farmon talablariga moslashtirish, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarining unga ulanishlarini tashkil etish bo‘yicha moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan chora-tadbirlar dasturini;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazish, faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ularni Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reyestridan chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihalarini;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2020 yil 1 yanvardan e’tiboran ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 7 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

136

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing