20 yashar yigit o‘g‘irlagan mashinani metallolomga topshirib yubordi
Jamiyat
−
22 aprel 2023
15877Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida 20 yashar yigit o‘zganing mashinasini olib qochib, uni metallolomga topshirib yubordi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 30 mart kunidan 31 mart kuniga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs tumanning Bunyodkor ko‘chasida yashovchi 27 yoshli T.B.ning boshqaruvida bo‘lgan VAZ-2101 rusumli avtomashinani uy eshigi oldida eshiklarini ochiq va kalitini o‘t oldirish joyida qoldirganidan foydalanib, avtomashinani noma’lum tomonga olib qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni 20 yoshli R.M. sodir etgani aniqlangan. U davlat raqam belgilarini yechib, Yuqorichirchiq tumani “Farovon” mahallasida joylashgan xonadoniga olib borib 2 000 000 so‘m pul evaziga metallolom sifatida sotib yuborgan. Mazkur xonadon ko‘zdan kechirilganida jabrlanuvchiga tegishli avtomashina qismlarga bo‘lingan holatda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchining ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, mazkur jinoyatga boshqa aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan chora tadbirlar o‘tkazilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.Tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.