Karimova, G‘ulomov, Murodov, Abdullayev... Ularni nima bog‘laydi?

Tahlil

image

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda amaldorlar masalasi muhokamalar maydonining asosiy mavzusi bo‘lib turibdi. O‘tgan uch yilda o‘nlab amaldorlar pora bilan qo‘lga olindi. Davlatga, xalqqa xiyonati “munosib baholanib”, panjara ortiga otildi. 

Xo‘sh, ular kimlar edi? 

Shuhrat G‘ulomov. Bu nomni MXXga ishi tushgan ham, tushmagan ham yaxshi eslaydi. Uning nomini eshitgan uncha-bunchaning zir titragani ham bor gap. U sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining raisi o‘rinbosari, tashkilotning Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbari lavozimida faoliyat olib borgan, o‘z davrining qudratli shaxslaridan edi. G‘ulomov 2017 yilning yanvar oyida MXX raisi o‘rinbosari lavozimidan olinib, Surxondaryoga yuborilgandi. Aslida, u o‘z ish faoliyatini ham aynan Surxondaryoda boshlagan.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryoga tashrifi davomida o‘tkazgan yig‘ilishida Shuhrat G‘ulomov umrbodga qamalganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari G‘ulomov poraxo‘rligi va Vatanga xiyonati uchun hibsga olinganini ta’kidlagandi. Prezidentning yig‘ilishdagi so‘zlari yozilgan ovozli yozuv ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi.

2017 yilning iyun oyidan boshlab Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan Turobjon Jo‘rayev mansab vakolatini suiiste’mol qilish va jinoiy harakatlarni amalga oshirganligi uchun qamoqqa olindi. 

Joriy yilning 2 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining yopiq sud majlisida sobiq hokim Turobjon Jo‘rayev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

“Jinoiy guruh rahbari” deya ko‘rsatilgan Turobjon Jo‘rayev Samarqand shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 140 000 AQSH dollari miqdorida pora olganligi aniqlanib, JKning 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210 (Pora olish) moddalari bilan aybdor deb topilgan va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Uning o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va To‘lqin Sulaymonov 5 yilga (shartli) ozodlikdan mahrum qilindi.

“O‘zdonmahsulot” AK boshqaruvining sobiq raisi Surat Haydarov poraxo‘rlikda va kuyoviga asossiz vakolat berganlikda ayblanib, hibsga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Surat Haydarov mansabdan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan va shu yo‘l bilan qarindoshlarini ishga joylagan. Shuningdek, Haydarov viloyatlardan biriga xizmat safari davomida don mahsulotlari noto‘g‘ri saqlanayotganiga guvoh bo‘lib, bu vaziyatni to‘g‘rilash o‘rniga, taklif etilgan pulni olishni ma’qul ko‘rgan.
                  
Jinoyatlarda unga doimiy kuyovi Jamshid Sharipov yordam berib kelgan. Tizimdagi boshqa muammolarda ham “sizu bizdan jizu biz yaxshi” maqoliga amal qilingan.

2018 yilning sentyabr oyida hibslangan Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Aбдuсaмaтовning avvaliga pora bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urgani aytilgan edi. Joriy yilning may oyida unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sud Baxtiyor Abdusamatovni 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topdi. U 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilab qo‘yildi.

2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shaxar sudi, Yunusobod tuman sudining binosida, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi. 

Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashid Qodirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U. Sunnatov 19 yilga, A. Mirzayev 15 yilga, U. Xurramov 14 yilga, J. Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Joriy yilning fevral oyida lavozimidan ozod etilgan DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevгa nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, iyul oyida sud boshlandi va 27 sentyabr kuni sud hukmi e’lon qilindi. 

Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16 yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorkin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Xidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.

Qolgan 15 nafar sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi.

Ixtiyor Abdullayevdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimini meros qilib olgan Otabek Murodov joriy yilning 20 iyun kuni lavozimidan ozod etildi. Prezident uni davlatga xiyonat qilgani, poraxo‘rlik botqog‘iga botganini aytib chiqdi. 28 iyun kuni u uy qamog‘iga olindi. Murodov 18 sentyabr kuni qamoqqa olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodov yana bir sobiq Bosh prokuror, DXXning sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotgani haqida ma’lumot bergandi. Hozirgacha uning sudi qachon boshlanishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. 

Gulnora Karimovaгa nisbatan jinoyat ishi garchi otasi hayotlik chog‘ida, 2013 yildayoq ochilgan bo‘lsa ham, 2017 yilgacha sir saqlab kelingan edi. Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 168, 178, 179, 182, 184, 189, 227, 228, va 243-moddalar) bilan ayblov e’lon qilingan.

Joriy yilning avgust oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. 

Eslatib o‘tamiz, hozirda Gulnora Karimova Zangiota tumanidagi ayollar koloniyasida sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tamoqda.

16 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq raisi Muidjon Tohiriyни 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Tohiriy Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207 (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209- (mansab soxtakorligi) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1203

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing