Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

2 yil oldin yopilgan Andijon aeroporti qayta ochildi

Jamiyat

image

Andijon xalqaro aeroportida aerodrom rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlandi va bugun, 15 mart kuni 10:30 da Andijon xalqaro aeroporti Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.

Qayd etilishicha, aeroportda rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlangan. Uning doirasida aerodrom majmuasining salmoqli qismi, jumladan, uzunligi 3300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi yakunlangan.

“Ta’kidlanish joiz, Andijonda aerodrom qoplamasining yangi elementlari (uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va perron) betondan qurilgan. Qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyatini aniqlovchi tasnif raqami – PCN - 64R/B/W/T. Bu aeroportga Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlar va quyi toifadagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkonini beradi. Kuchliroq va bardoshliroq bo‘lgan beton uchish-qo‘nish yo‘laklari issiq iqlim sharoitida optimal yechim. Bugungi kunga qadar Navoiy va Termiz aeroportlarida ham beton uchish-qo‘nish yo‘laklari qurilgan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyotlar to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom ettirilib, ICAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologik va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga perronda xizmat ko‘rsatish va tungi vaqtda hamda noqulay ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, Andijon aeroporti aerodrom majmuasini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish munosabati bilan 2023 yil 1 aprel kuni yopilgan. Aerodrom qoplamasining elementlari – uzunligi 2985 metr va kengligi 44 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va perroni uzoq xizmat muddati va past yuk ko‘tarish qobiliyati tufayli rekonstruksiya qilinishi talab etilgan va ko‘plab turdagi samolyotlarni qabul qilishda, shuningdek, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli tungi vaqtda reyslarni qabul qilishda cheklovlar mavjud bo‘lgan.

Andijon xalqaro aeroporti tez orada muntazam yo‘lovchi reyslarini qabul qila boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shahrisabz aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan 2025 yil 13 mart Toshkent vaqti bilan soat 05:00 dan 2025 yil 25 mart 05:00 gacha o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon aeroport aerodrom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing