2 qavat yoki 12 metrdan yuqori uy qurish bo‘yicha o‘rnatilayotgan yangi tartib haqida tushuntirish berildi
Jamiyat
−
30 noyabr 2020 18418 4 daqiqa
2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistonda ikki qavatdan yuqori bino va inshootlar, jumladan uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda ob’ektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari nazoratida amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Jamoatchilik orasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu yangilik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov tushuntirish berdi.
“O‘zimiz yashaydigan 1-2 qavatli uy-joylar yakka tartibdagi turar joylarga kiradi. Hozirgi kunda bu uy-joylarning ko‘plari noqonuniyga aylanib ketmoqda. Ko‘p qavatli uylarni qurishning shaharsozlik qoidalari bor. Bunga amal qilinmayapti. Har bir uyni qurayotganda yoki loyihalashtirayotganda, bizning seysmik ko‘rsatkichimiz, iqlimimiz hisobga olinib, loyiha davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak. Chunki odamlarning xavfsizligi birinchi navbatda turadi. Hozir bularni qilmay turib, xuddi yakka tartibdagi uy qurayotgandek, 4-5 qavatli uyni qurib, ko‘p xonadonli uy sifatida sotib yuborishyapti.
Agar yer yakka tartibdagi uy-joyga ajratilgan bo‘lsa, bu yerga faqat yakka tartibdagi uy-joylar quriladi. Uning qavati cheklanmagan. Ikki qavatgacha hech qanday muammosiz qurish mumkin. Lekin ikki qavatdan yuqori qurilsa, buning uchun loyiha qilinadi va ekspertizadan o‘tkaziladi. Ikki qavatdan yuqori binoning zilzilaga bardoshliligi judayam muhim. U yerda juda ko‘p talafot bo‘lishi mumkin.
Loyihani ekspertizadan o‘tkazish imkoni bor odamlar uyni ikki qavatdan yuqori quradi. Farmonda shular hisobga olingan. Bu byurokratiya va korrupsiyaga olib kelmaydi. Chunki, hozirgacha ko‘p qavatli uylarning hammasi loyihalashtiriladi va ekspertizadan o‘tkaziladi. Bundan buyon yakka tartibdagi uy-joylar ham ko‘p qavatli qurilsa, ekspertizadan o‘tkaziladi. Agar bosh plan bo‘yicha o‘sha hududda ikki qavatdan yuqori bo‘lgan uy tushishi mumkin bo‘lsa, ruxsat beriladi, aksincha holatda esa, ruxsat berilmaydi. Chunki, ushbu uy qurilayotgan hududdagi boshqa aholining uyiga ham quyosh tushishi kerak. Shunga o‘xshash boshqa omillar bor. Loyihada hammasi hisobga olinadi. Bu aholimizga qulaylik yaratadi.
Aholidan bizga juda ko‘p murojaatlar tushmoqda. “Qo‘shnim uyini sotdi, uning o‘rniga bir odam kelib, ko‘p qavatli uy qurib yubordi”, deyishadi. Holbuki, o‘sha joyga “dom” qurish mumkin emas. Bu noqonuniy holat bo‘yicha sudga murojaat qilinib, sud uning hujjatlarini ko‘rib chiqquncha, uy egasi uni xaridorlarga sotib yuboryapti.
Shularni hisobga olib, mamlakatimizda qurilish-arxitektura sohasida tartib o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Farmonda hammasi aniq yozilgan: ikki qavat, 500 kvadrat metrdan ko‘p va 12 metrdan yuqori bo‘lmagan binolarga loyiha ekspertizasi talab etilmaydi. 12 qavatdan yuqori bo‘lgan hammasiga davlat ekspertizasi tayinlanadi va loyihalari ko‘rib chiqiladi”, deydi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.
Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 martdan boshlab quyidagilar:
• uy quruvchilar – jismoniy va yuridik shaxslarga, asosiy faoliyat turi sifatida qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar bundan mustasno, mustaqil ravishda (xo‘jalik usulida), qurilish tashkiloti bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
• aholi punktlari hududlarining funksional zonalarida joylashgan, bunday turdagi qurilish uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida ko‘p qavatli ko‘p kvartirali uylarni qurish;
• loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazmasdan mavjud bino va inshootlarning, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarning qavatlari sonini ko‘paytirish (ustki qavat qurish);
• o‘zgartirilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazmasdan qurilayotgan bino va inshootlarning qavatlari sonini (loyiha hujjatlarini o‘zgartirish yo‘li bilan) ko‘paytirish taqiqlanadi.
Loyiha hujjatlari bo‘yicha ijobiy ekspert xulosasi ekspert tashkiloti tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi “Ekspert xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi, davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan loyiha hujjatlari bo‘yicha ekspert xulosalari bundan mustasno.
Live
Barchasi