$170 mlnga qurilgan kitob ko‘rinishidagi Samarqand aeroporti ochildi (video)
Jamiyat
−
18 mart 2022
27124Bugun, 18 mart kuni Samarqand shahrida 2,5 yil davomida qurib bitkazilgan xalqaro aeroport ishga tushirildi. Havo bandargohini qurishga 170 mln dollar sarflangan. Aeroport odatdagidan farqli o‘laroq, ochiq kitob shaklida barpo etildi.
Aeroport ochilishida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi, deb xabar berdi marosimda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri.
Ramatov aeroport ochilishida nutq so‘zlab, inshoot tamal toshini 2019 yil iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘yganini eslatib o‘tdi.
“Oradan ikki yarim yil o‘tib aeroport qurib bitkazildi. Xalqaro aeroportni Turkiya kompaniyasi loyihalashtirgan. “Enter enginiring” kompaniyasi esa qurib bitkazgan.
Bu juda ham katta aeroport hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 26 ta katta samolyotni bog‘lasa bo‘ladi. Bir kunda 70 ta katta samolyotga xizmat qilish imkoniga ega bo‘lgan aeroportda haftasiga 8 ta samolyot uchsa, bugungi so‘rovlarga qaraganda ertadan boshlab 120 taga ko‘payadi. Agar kuniga 700 ta samolyotga chiqadigan bo‘lsak, butun shahar gullab ketadi”, dedi Ramatov.
U eng zamonaviy texnologiyalar yordamida barpo etilgan bu xalqaro aeroport qurib tugatilganini va ertadan boshlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlashini aytib o‘tdi.