17 yoshli qiz o‘zidan 2 yosh katta sevgilisini qul qilib sotib yubordi

Olam

image

Xitoyda 17 yoshli qiz o‘zining 19 yoshli sevgilisini Myanmadagi firibgarlarga 14 ming dollarga qul sifatida sotib yubordi. Bu haqda “Thaiger” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, yigit va qiz billiardxonada tanishgan. Suhbat davomida qiz o‘zining Myanmadagi badavlat ota-onasi haqida maqtanib, yigitga ish topishda yordam berishni va’da qilgan. “Muhabbat azobida” qolgan yigit bunga rozi bo‘lib, joriy yilning fevralida sevgilisi bilan Bangkokka borgan.

Keyin ular Tailand va Myanma chegarasiga yo‘l olgan, ammo yo‘lda ular o‘zaro janjallashib qolgan. Shu payt yigitga qurollangan shaxslar hujum qilib, uning telefon va pasportini tortib olgan. Keyingi to‘rt oy davomida yigit asirlikda saqlangan. Uni muntazam ravishda sochlarini qirib tashlashgan va onlayn firibgarlik bilan shug‘ullanishga majbur qilishgan. Me’yorni bajarmaganida esa beliga temir tayoq bilan urishgan. Doimiy qiynoqlar oqibatida yigit 10 kilogrammdan ortiq vazn yo‘qotgan va qisman eshitish qobiliyatidan ayrilgan.

Bu orada bosqinchilar yigitning oilasi bilan bog‘lanib, 48 ming dollar miqdorida tovon talab qilgan. To‘rt oy ichida kerakli mablag‘ yig‘ilib, yigit ozod qilingan. O‘sha paytda qiz Tailandda hordiq chiqarayotgan bo‘lgan va Xitoyga qaytganida qo‘lga olingan. Unga firibgarlik va odam savdosi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

“U atigi 17 yoshda. Kim o‘ylabdi, u bunday yovuzlikka qo‘l uradi deb? U shunday jirkanch ishlarni qila olishiga aql bovar qilmaydi”, deydi jabrlanuvchining singlisi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Tailand M'yanma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing