15 yoshli qiz bilan jinsiy aloqaga kirgan 3 erkak muddatidan oldin ozod qilindi

3-sahifa

image

Toshkentdagi maktablardan biridagi 15 yoshli o‘quvchi qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozodlikka chiqarildi. Bu haqda “Nemolchi” (Sukut saqlama) loyihasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qizni jinsiy aloqaga majburlaganlardan ikki nafari atigi yarim yil qamoqda o‘tirib chiqqan. Asosiy tashabbuskor, sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi esa qamalganidan 12 oy o‘tib ozodlikka chiqqan. 

Xabarda ta’kidlanishicha, jinoyatchilardan biri ayni paytda tibbiyot markazida registrator bo‘lib ishlamoqda, faoliyatida xususan bolalarga ham xizmat ko‘rsatmoqda.

Voqea 2021 yil 27 aprelda ro‘y bergan. Shu kuni Toshkentdagi maktablardan birining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi o‘z o‘quvchisini avvaldan ijaraga olingan kvartiraga olib borgan, u yerga ikki tanishini ham chaqirgan va ular qizni jinsiy aloqaga ko‘ndirgan.

Tergov bu jarayonda qiz qarshilik ko‘rsatmagan deb topib, jinoyatni guruh bo‘lib zo‘rlash moddasi emas, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bilan malakalagan. Ona bergan apellyatsiya ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

“Nemolchi” loyihasining Bosh prokuraturaga tayanib, ma’lum qilishicha, maktabda avval o‘qituvchi bo‘lib ishlagan (1991 yilda tug‘ilgan) X.A., 2021 yil 11 noyabr kuni JKning 128-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan 4 yil qamoq jazosiga hukm qilingan va muddat 2021 yil 4 maydan hisoblanishi ko‘zda tutilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2022 yil 7 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 27 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Uning do‘sti, 1993 yilda tug‘ilgan G.B. sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Yana bir ishtirokchi 1994 yilda tug‘ilgan M.M.ga nisbatan sudning 2021 yil 11 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, JKning 128-moddasi 1-qismiga asosan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining 2022 yil 12 maydagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 29 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 74-moddasiga asosan shu muddatga oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan xolda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

721

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing