15 yashar qiz er-xotinning shaxsiy ma’lumotlarini tarqatmaslik uchun 500 dollar talab qildi
Jamiyat
−
29 mart 2021
32091Toshkent viloyati Bekobod shahrida 9-sinf o‘quvchisi er-xotinning shaxsiy rasm va videolarini tarqatmaslik uchun 500 dollar talab qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Joriy yilning 25 mart kuni Bekobod shahar IIB boshlig‘i nomiga fuqaro 36 yoshli Muhammadorif G. ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining muqaddam foydalangan abonent raqamidan noma’lum ayol qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘i Shahlo V. bilan unga tegishli sir saqlanishi lozim bo‘lgan o‘zaro surat va videoyozuvlarni internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, 5 million so‘m pul berishini talab qilgan.
Bekobod shahar 14-dahasi hududidagi “Ziyoda” to‘yxonasi yaqinida taksi haydovchisi orqali berib yuborilgan 500 AQSH dollarni noma’lum qiz tovlamachilik yo‘li bilan olayotganida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, undan 500 AQSH dollar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni 9-sinf o‘quvchisi 15 yoshli Marjona X. sodir etgani aniqlangan. U Shahlo V. ga tegishli bo‘lgan abonent raqamini sotib olib, ushbu raqamga Telegram messenjer ochib, eski xotiralarni tiklashi natijasida o‘zga shaxslarning foto va videosuratlarini qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Bekobod shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan voyaga yetmagan Marjona X., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
LiveBarchasi