15 bitli kalitni buzgan xaker bitkoin bilan taqdirlandi

Texnologiya

image

Project Eleven kompaniyasi tadqiqotchi Jankarlo Lellini ommaviy kvant kompyuteri yordamida elliptik kriptografiyaga asoslangan 15 bitli kalitni muvaffaqiyatli buzib kirgani uchun Q-Day Prize mukofoti – bir bitkoin (xabar yozilayotgan vaqtda taxminan 77,7 ming dollar) bilan taqdirlandi. Bu haqda Project Eleven kompaniyasining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida xabar berildi.

Tadqiqotchi elliptik egri chiziqlardagi diskret logarifmlash muammosini yechishga qaratilgan Shor algoritmining variatsiyasi yordamida 32 767 ta variantni ko‘rib chiqib, ommaviy kalitdan shaxsiy kalitni tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Aynan mana shu matematik asos biktoin va efirium kabi kriptovalyutalar, shuningdek, boshqa blokcheyn tizimlarining himoyasida ishlatiladi.

Project Eleven rahbari Aleks Prudenning ta’kidlashicha, bu kabi hujumlar uchun talab qilinadigan resurslar tez sur’atlar bilan kamayib bormoqda, texnologiyalarning qulayligi esa oshmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘olib ish mustaqil tadqiqotchi tomonidan davlat laboratoriyalari yoki xususiy chiplar ishtirokisiz, bulutli uskunalarda bajarilgan. Bu esa bunday hujumlarning amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rsatadi va postkvant kriptografiyasiga o‘tish zaruratini kuchaytiradi.

2025 yil sentyabr oyida tadqiqotchi Stiv Tippekonnik 6 bitli kalitni buzib kirishni namoyish etgan. Bu kvant uskunalaridagi hujumning birinchi ommaviy holati bo‘lgan. Yangi natija ushbu sohani sezilarli darajada oldinga suradi. Garchi real tizimlarda qo‘llaniladigan 256 bitli kalitlar darajasigacha hali katta farq mavjud bo‘lsa-da, endilikda bu fundamental emas, balki muhandislik muammosi sifatida qarala boshlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 6,9 million bitkoin ochiq ommaviy kalitlarga ega bo‘lgan hamyonlarda saqlanmoqda, bu esa ularni kvant hujumlari oldida zaif qilib qo‘yishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

bitkoin Project Eleven Jankarlo Lellini kvant komp'yuteri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing