13 bosh jayronning o‘ldirilishi ortidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2019
3193Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda brakonerlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 13 bosh jayronni otib o‘ldirgani haqida xabar bergan edik. Joriy yilning 23 sentyabr kuni sodir bo‘lgan ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
“Mo‘ynoq tumani “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘ini hududida Taxtako‘pir tumanida yashovchi 5 nafar fuqarolar ov miltiqlari bilan avtomashinada harakatlanib, O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan 13 dona jayronlarni otib o‘ldirib, qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, hayvonot dunyosiga 145 mln so‘m miqdorda zarar yetkazganlar.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 24 sentyabr kuni Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan JKning 202-moddasi 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy axborotda.
Eslatib o‘tamiz, Mo‘ynoq tumani “Qozoqdaryo” OFY hududidan oqib o‘tuvchi “Aqshadaryo” kollektori atrofida o‘tkazilgan tungi reyd natijasida UAZ-469 rusumli davlat raqami 95 V654 DA avtomobili to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda ichida ikki dona ov miltig‘i va o‘n uch bosh jayron borligi aniqlangandi.
Brakonerlar T.B. “TOZ-63” va P.A. “IJ-18” rusumli ov miltig‘i yordamida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 13 bosh jayronlarni 2019 yil 22 sentyabrda kunduzgi soat 15:00-17:00 orasida noqonuniy ov qilganliklari aniqlandi.
LiveBarchasi