12 yoshli qizni zo‘rlab, o‘ldirgan erkak umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
3-sahifa
−
26 may 2023
13070Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 yoshli qizni zo‘rlab, o‘ldirganlikda ayblangan erkakka umrbod qamoq jazosi belgilandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 26 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchi A.T. (1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilingan. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi A.Jalilov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, A.T. Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi, 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 3-qismi “b” bandi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi, 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan A.T. o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 96-moddasi (jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash)ga muvofiq A.T.ga jazoni o‘tash joylarida alkogolizm hamda murakkab politoksikomaniyaga qarshi davolash choralarini qo‘llash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 31 yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs (29 yoshli erkak) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan edi. Gumonlanuvchi shaxs marhumaning xonadonida 2022 yilning yoz oyilarida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.
LiveBarchasi