11 sentyabr voqealaridan so‘ng Karimov AQSHni qo‘llab-quvvatlaganmi?
Tahlil
−
11 Sentabr 2023
205552001 yil 11 sentyabr butun dunyo siyosatini o‘zgartirib yuborgan kun hisoblanadi. Ushbu sanadagi terakt nafaqat 3 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan, balki global miqyosda terrorizmga qarshi kurash harakatlarini boshlab bergandi.
Aslida ushbu sanada nima bo‘lgan edi?
11 sentyabr kuni Afg‘onistonda Toliblar himoyasi ostidagi “Al-Qoida” harakatining 19 nafar a’zosi Boston, Nyu-York va Vashingtondan uchgan 4 ta fuqarolik samolyotini egallab olishadi. Bu samolyotlarning taqdiri esa shunday yakunlanadi:
1) Ikkita samolyot ertalab Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi bo‘lgan egizak binolarga urilgan. Oqibatda binolar butunlay vayron bo‘lib, minglab odamlar hayotdan ko‘z yumgan.
2) Uchinchi samolyot Virjiniya shtatidagi Pentagon g‘arbiy devoriga hujum qilgan va katta vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Ko‘plab Pentagon xodimlari o‘sha yerda halok bo‘lgan.
3) To‘rtinchi samolyot esa Vashingtondagi AQSH prezidenti qarorgohi – Kapitoliyga yuborilgan, biroq reja amalga oshmagan. Samolyotda yo‘lovchilar va jangarilar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqib, samolyot manziliga yetib bormay qulagan.
Ushbu teraktni Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan “Al-Qoida” harakati yetakchisi Usama ben Laden o‘z bo‘yniga olgan va videomurojaatida 19 nafar terroristning nomini tilga olib o‘tgan. AQSH hukumati esa “Tolibon”dan Usama ben Ladenni AQSHga topshirishini so‘ragan. Ular rozi bo‘lmagach, AQSH Afg‘onistonda keng ko‘lamdagi harbiy operatsiyalarni boshlagan.
O‘zbekistonda bu voqeaga qanday munosabat bildirilgan?
O‘zbekiston ham ko‘plab davlatlar qatori AQSHdagi bu fojiaga befarq qaramagan. Voqeadan keyin O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov AQSH Prezidenti Jorj Bushga hamdardlik bildirgan.
O‘zbek mediasi portlash tafsilotlarini Markaziy Osiyoda boshqa davlatlarga qaraganda batafsilroq yoritgan. Aynan shu vaqtdan boshlab O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqa boshlagan. Shuningdek, AQSHda 11 sentyabr teraktlaridan so‘ng, O‘zbekiston xavfsizlik kafolatlari evaziga AQSH Markaziy qo‘mondonligining 1500 nafar qurolli kuchini joylashtirish uchun O‘zbekiston janubidagi harbiy havo bazasi, Qarshi-Xonobod aerodromiga kirishini ma’qullagan.
O‘zbekiston rahbariyati va “Tolibon” o‘rtasida doim ham munosabatlar iliq kechmagan. Portlashdan keyin O‘zbekiston hukumati AQSHning Afg‘onistonda olib borgan operatsiyalarini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlagan va jamoatchilik ham bu operatsiyalarga ijobiy fikr bildirgan.
2001 yil AQSH davlat xavfsizlik kotibi Donald Ramsfeld O‘zbekistonga tashrif buyurganda Karimov uchrashuv yuzasidan shunday bayonot bergandi:
“Amerika hukumati terrorizmni tag-tomiri bilan yo‘q qilish, dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, bunday kuchlarni qo‘llab-quvvatlayotgan, ularni mablag‘, buzg‘unchi mafkura bilan ta’minlayotgan, qo‘poruvchilik, bosqinchilik harakatlarini amalga oshirish uchun turli joylarga jo‘natayotgan yovuz niyatlilarga qarshi ayovsiz kurash e’lon qildi.
Bugun barchamizga oddiy bir haqiqat ayon bo‘lishi kerak: butun insoniyatga katta tahdid solib turgan bu illatga barham berish borasidagi kurashdan hech kim, hech qaysi davlat chetda qolmasligi shart.
Jahondagi 100 dan ortiq davlatning mazkur masala bo‘yicha o‘z fikri va qat’iy pozitsiyasini bayon qilgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi”.
Shu tashrif o‘laroq, O‘zbekiston rahbariyati AQSH Prezidentining afg‘on qochqinlariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishi uchun 320 million dollar ajratish haqidagi hujjatga imzo chekkan. Shundan keyin terrorizmga qarshi kurash haqidagi materiallar o‘zbek matbuotida keskin ko‘paya boshlagan.
“Shuni ta’kidlash kerakki, bizning bu masala bo‘yicha prinsipial yondashuvimiz Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Bush janoblari bilan telefonda bo‘lib o‘tgan muloqotda, Mudofaa vaziri janob Ramsfeld bilan bo‘lgan bugungi suhbatda aniq bayon etildi. Ya’ni, bizning pozitsiyamiz quyidagicha:
1. Mamlakatimiz havo hududini Amerika Qo‘shma Shtatlarining harbiy havo kuchlari uchun ochib berish;
2. Har ikki mamlakat xavfsizlik idoralari o‘rtasida o‘zaro ma’lumot va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
3. O‘zbekiston hududida joylashgan bitta harbiy aerodromga Amerika Qo‘shma Shtatlarining samolyot va vertolyotlari qo‘nishiga ruxsat berish. Bu samolyot va vertolyotlarga xizmat ko‘rsatadigan amerikalik mutaxassislar, texnik xodimlar faoliyati uchun tegishli sharoit yaratib berish. Biz bu aerodromni butunlay ularning ixtiyoriga berayotganimiz yo‘q. U yerdagi o‘zimizning harbiy samolyotlarimiz ham qolaveradi.
4. Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu samolyot va vertolyotlaridan faqat qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish va gumanitar maqsadlarda foydalaniladi. Ular oz sonli bo‘lib, faqat transport tashiydigan samolyot va vertolyotlardir. Shuningdek, biz ikkita muhim masala bo‘yicha o‘z prinsipial qarashimizni bayon etamiz:
- Bizning hududimizdan Afg‘onistonga qarshi jangovar operatsiyalar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- Bizning hududimizdan Afg‘onistonga qarshi bombali hujum operatsiyalari amalga oshirilishiga rozilik berilmaydi. Xalqaro terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etish borasidagi bizning pozitsiyamiz ana shundan iborat. O‘ylaymanki, bunday yondashuv davlatimiz manfaatlariga va xalqaro huquq mezonlariga mos keladi”, deya qo‘shimcha qilingan ushbu bayonotda.
Bundan tashqari, 2001 yil 18 sentyabrda “Xalq ovozi” gazetasida yozilishicha, “Ijtimoiy fikr” so‘rovnomasida qatnashganlarning 95 foizi ushbu voqealarga “g‘azab” va “nafrat” bilan qarashini ma’lum qilgan. “So‘rovda O‘zbekiston fuqarolari Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan "Ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni to‘liq olqishlangan. 97,4 foiz respondentlar mamlakatimizda bunday qonun zarurligi, uning qabul qilinishi dolzarbligini aytdi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin esa 11 sentyabr voqeasini “dunyoni larzaga solgan fojia” deb atagandi.
O‘zbekistonda Namangan va 1999 yil 16 fevraldagi voqealar fonida AQSHdagi hujumning salbiy va xavotir bilan qarshi olinishi tabiiy edi. Shu jumladan, Islom Karimov Ramsfeld bilan uchrashuvda ham ushbu voqealarni eslab o‘tgan edi.
Xulosa qilib aytsak, 11 sentyabrdan keyin O‘zbekiston va AQSH munosabatlari yaxshilanishi bilan birga hukumat Islom radikalizmiga qarshi munosabatini ochiqdan-ochiq bildirgan edi. Bundan tashqari, radikalizmga qarshi tashviqotda o‘zbek matbuoti ham muhim rol o‘ynagan.
Avazbek Mo‘ydinov
LiveBarchasi