10 oyda ichki ishlarda 25 xodim halok bo‘ldi – IIV

Jamiyat

image

Joriy yilning yanvar – oktyabr oylarida ichki ishlar tizimida 25 nafar xodim xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan. Bu haqda bugun, 1 dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 344 ta holatda xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan. Shundan 194 ta holatda 258 nafar fuqarolarga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, sud hukmiga ko‘ra, 72 nafari javobgarlikka tortilgan. 

“10  oy davomida 25 nafar xodimimiz xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. Ulardan 9 nafari yo‘l-transport hodisasida oqibatida halok bo‘lgan”, deydi IIV mas’uli. 

Shuningdek, mas’ullar kecha, 30 noyabr kuni Olmazor tumanida profilaktika inspektorining o‘ldirib ketilishi bilan bog‘liq voqeaga ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Olmazor tumanida profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Xohlaymizmi yo yo‘q, u bizning xodim. Kechagina biz bilan ishlab turgan edi. Ikki nafar farzandi bor. Oilasiga nima deyishni bilolmay turibmiz”, deydi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Hamza Mahsumov. 

Eslatib o‘tamiz, 30 noyabr kuni soat 00:50 larda Toshkent shahar Olmazor tumani IIO Faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomudotov, tumanning ”G‘alaba” mahallasiga tezkor chaqiruv bo‘yicha yetib borib, xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, muqaddam sudlangan, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro B.Z. xodimning hayotiga tajovuz qilib, voqea joyidan yashiringan.

N.Bobomurodov voqea joyida vafot etgan. 

Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ko‘p o‘tmay B.Z. qo‘lga olindi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing