10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishi aniqlandi 

Jamiyat

image

Joriy 2024 yil davomida jami 10 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olindi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy 2024 yil yil davomida qonunchilikka zid quyidagi davlat xaridlari aniqlangan:

Farg‘ona viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan 2024 yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida o‘tkazilgan jami 4,4 mlrd so‘mlik tanlov savdolarida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Jumladan:

  • Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasida 3,5 mlrd so‘mlik 2 ta;

  • Farg‘ona viloyat Madaniyat boshqarmasida 490 mln so‘mga yaqin 3 ta;

  • Farg‘ona viloyati yoshlar ishlari boshqarmasida 250 mln so‘mlik 1 ta.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablarini buzish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi va mas’ullarga tegishli choralar ko‘rilgan.

Toshkent shahar misolida

Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarga asosan, Respublika Ixtisoslashtirilgan Terapiya va Tibbiy Reabilitatsiya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi buyurtmachiligida 3 ta 2,1 mlrd so‘mdan ortiq hamda Yashnobod tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 1,3 mlrd so‘mga yaqin 3 ta tender savdolari boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida mazkur qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

Andijon viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan Andijon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi buyurtmachiligida boshlang‘ich narxi 200 mln so‘mga yaqin va Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi 900 mln so‘mga yaqin eng yaxshi taklif savdolari bekor qilingan. Shuningdek, Andijon viloyat kardiologiya dispanseri tomonidan 170 mln so‘mlik tender savdosi bo‘yicha bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Jizzax viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yil iyul-avgust oylarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, ijtimoiy sohadagi o‘tkazilgan jami 850 mln so‘mga yaqin tanlov savdolarida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Jumladan:

  • Keksalar, urush va mehnat faxriylari uchun Jizzax sanatoriyasida 49,9 mln so‘mlik;

  • Mirzacho‘l tuman tibbiyot birlashmasida 360,8 mln so‘mlik;

  • RID va KIATMning Jizzax viloyat hududiy filialida 210,0 mln so‘mlik;

  • Sh.Rashidov tumani tibbiyot birlashmasida 20 mln so‘mlik;

  • Zafarobod tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 200,0 mln so‘mlik.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablarini buzish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Samarqand viloyati misolida

“Zafar nur vodiy fayz” MCHJning murojaatiga asosan, Oqdaryo tuman madaniyat bo‘limi buyurtmachiligida 310 mln so‘mlik hamda “Transformation of ray” MCHJning murojaatiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri tomonidan 40 mln so‘mga yaqin tender savdolarida Hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablarini buzish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, tegishli tartibda ko‘rsatmalar berilgan.

Qashqadaryo viloyati misolida

Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 107 mln so‘mga yaqin tanlov savdosida taqdim etgan tanlov takliflarini baholash mezonlarini belgilashda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ko‘rsatma berildi va vakolatli shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari ko‘rilgan.

Namangan viloyati misolida

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan 2024 yil 1 avgust holatiga 31 ta bo‘yicha boshlang‘ich narxi 610 mln so‘mdan ortiq davlat xaridlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, buyurtmachi tashkilotga nisbatan Maxsus komissiyasi belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi va mas’ullarga tegishli choralar ko‘rildi.

Sirdaryo viloyati misolida

Hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi Sirdaryo viloyati Barkamol avlod bolalar maktabi buyurtmachiligida 162 mln so‘mlik tender savdosida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 46-49-moddalari talablari buzilishi holatlari aniqlandi. Mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rish uchun ma’lumotnomalar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Toshkent viloyati misolida

Oqqo‘rg‘on tibbiyot bo‘limi tomonidan 133 mln. so‘mga yaqin bo‘lgan tanlov savdosida xarid ishtirokchilarining takliflarini baholashning aniq tartibi va tamoyillari belgilanmagan va shu sababdan xarid komissiyasi tomonidan baholash ixtiyoriy ravishda, yagona yondashuvsiz, ballarni taqsimlash orqali amalga oshirilganlik holatlari aniqlangan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ko‘rsatma berilgan.

Navoiy viloyati misolida

Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasining “Samo 333” MCHJning murojaati asosida, Navoiy shahar maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan 2023 yilda o‘tkazilgan 10 ta savdolarda 660 mln so‘mlik hamda 2024 yilda o‘tkazilgan 460 mln so‘mga yaqin Davlat xaridlarida tanlov hujjati va yig‘ilish bayonidagi mezonlar bir-biriga nomuvofiq holda ishlab chiqilgan va ishtirokchilar uchun raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar kiritilganlik holatlari aniqlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, buyurtmachi tashkilotga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan va  bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.

Xorazm viloyati misolida

Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yil davomida davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni va yozishmalarni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq arizalarining qanoatlantirilishini raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.

O‘rganish jarayonida, Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan barcha davolash profilaktika muassasalari rahbarlariga “Texnopark” MCHJdan maishiy va sanoat elektrotexnika mahsulotlarini xarid qilish hamda “Renessans islohotlari” MCHJ tomonidan tayyorlangan targ‘ibot materiallarini xarid qilish tavsiya qilingan.

Shuningdek, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga “Intellekt Xorazm” MCHJning baholash xizmatlaridan foydalanish va 2024 yil uchun “Ilk qadam” jurnaliga va “Elshod media press” MCHJning gazeta jurnallariga obuna bo‘lish hamda “Al-Aziz edu” MCHJ va “Fozil Khorazmiy” MCHJlarni targ‘ibot qilish taklif qilingan.

Yuqoridagilarga asosan, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 22-moddasi talablari buzilish holatlari bo‘yicha Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga taqdimnomalar kiritildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida

Raqobat qo‘mitasi tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan o‘rganishda, metrologiya tekshirishidan o‘tkazilmagan jihozlardan ko‘rsatilgan xizmatlari uchun iste’molchilardan olingan mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinganda, metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilmagan “Portativ EKG”dan 2024 yil aprel oyidan avgust oyigacha bo‘lgan muddat oralig‘ida 192 iste’molchilardan 3 631 000 so‘m olinganligi aniqlangan.

Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan Tibbiyot birlashmaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasi talablarini buzilgan deb topilib, 3 631 000 so‘m mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning iyul-avgust oylarida jami 20 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olingani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing