1 oktyabrdan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi
Olam
−
17 avgust
5194Joriy yilning 1 oktyabridan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Bu haqda bugun, 17 avgust kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar Qobul shahrida afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, shbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import bojlari bekor qilinadi va eksportyorlar uchun qulaylik yaratiladi.
Shuningdek, Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yanada oshirish maqsadida fitosanitar ruxsatnoma berish tartibi yengillashtirildi.
Qayd etilishicha, 1 avgustdan Ayritom-Xayraton chegara posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Xalqaro Termiz savdo markaziga tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va barcha soliqlardan ozod etiladi.
Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi uchun ikki davlat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov afg‘onistonga bordi. Uchrashuvlarda ikki davlat orasidagi o‘zaro savdo aylanmasini 2024 yilda 1 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
LiveBarchasi