1 maydan yangi “dom”lar tomiga quyosh panellari o‘rnatiladi
Jamiyat
−
17 fevral 2023
5659Joriy yilning 1 mayidan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlariga quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu Prezidentning “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.
Shuningdek, yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.
Respublikadagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.
Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy soha ob’ektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etiladi.
Qurilish vazirligi, shuningdek, Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda hududlarda quyosh panellarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kompaniyalar mutaxassislarining malakasini oshirishi va zarur ko‘nikmalarni shakllantirishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida 2023 yilning 1 sentyabridan davlat tashkilotlari quyosh paneliga o‘tishi shart bo‘lishi aytilgan edi.
LiveBarchasi