1 maydan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Foydali

image

O‘zbekistonda joriy yilning 1 mayidan jamiyat hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan qonunchilik hujjatlari kuchga kiradi. Yangilangan Yo‘l harakati qoidalari, xorijliklarga mamlakatga investitsiya kiritish sharti osonlashtirilishi shular jumlasidan. Quyida yangi oy boshidan kuchga kiradigan o‘zgarishlar bilan tanishishingiz mumkin.

1. Yangi Yo‘l harakati qoidalari kuchga kiradi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yangi Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra 2022 yil 1 maydan:

• aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan (bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan tashkil etilgan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash respublika komissiyasining qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari va viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin);

• maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada soatiga 30 kilometrdan;

• turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish;

• yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan va uzunligi avtomobil gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda ruxsat etiladi;

• yuk avtomobillari, Yo‘l harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi lozim;

• transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtashi taqiqlanadi;

• sutkaning qorong‘u vaqtida yoki yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytaradigan kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishlari shart.

2. “Avtomobil tarixi” xizmatini ko‘rsatish boshlanadi

“Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, 2022 yil 1 maydan e’tiboran “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, YAIDXP yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

3. Pensiya va nafaqa to‘lashning yangi tartibi kuchga kiradi

“Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qaroriga binoan:

2022 yil 1 maydan boshlab:

• “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga to‘lanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni o‘tab ozodlikka chiqqan fuqarolarga to‘lanadigan moddiy yordam pullari har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi;

• barcha turdagi pensiya va nafaqa to‘lovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga o‘tkaziladi.

Bunda pensiya, nafaqa va moddiy yordamlarni yetkazib bergani uchun Pensiya jamg‘armasi va byudjetdan bankka 1 foiz xizmat haqi to‘lab beriladi hamda pensiya, nafaqa va moddiy yordamlarni bank kartalarida qabul qiluvchilarga pensiya va nafaqa pulining 1 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi.

4. Xorijliklarning ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish shartlari o‘zgardi

“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan boshlab ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

• Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’ektlarida qiymati 180 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari;

• boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’ektlarida qiymati 85 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari.

5. Yosh tadbirkorlar uchun grantlar ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi.

6. Xorijda ishlayotgan fuqarolarning oila a’zolariga bir martalik moddiy yordam beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan har yili: tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan xorijda ishlayotgan fuqarolarning oila a’zolariga bir martalik moddiy yordam beriladi.

7. Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi  qaroriga binoan Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan cpinal mushak atrofiyasi kasalligi tashxisi tasdiqlangan bemor bolalar uchun:

• U.K. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida respirator qo‘llab-quvvatlash talab etilmagan davolanuvchi bolalarning reabilitatsiyasi uchun mavjud o‘rinlar soni doirasida 10 ta statsionar o‘rin;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida multidissiplinartekshiruv va davolash jarayoni tashkil etiladi.

8. 2022 yil 1 maydan bojxonada ishlar soddalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom kuchga kiradi.

9. Hokimlarning qaror qabul qilishi murakkablashadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Mahalliy ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda adliya organlarining ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan tegishli qarorlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

10. Mahalladagi xotin-qizlar faolining maoshi xonadonlar soniga bog‘lanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi, mahallalardagi xotin-qizlar faollarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi shakllantiriladi.

 

Abbos Lapasov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

527

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing