1 maydan seysmik xavfsiz binolarni qurish bo‘yicha yangi talab kuchga kiradi

Jamiyat

image

1 maydan boshlab O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda kecha, 5 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi. 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda qurilishlarning sifatiga ta’sir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘q. O‘tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.

Shu bois, mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

So‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqada ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois, 1 maydan boshlab:

  • qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi;
  • ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda yog‘ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing