1 avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
30 iyul 2021
31870Joriy yilning 1 avgustidan O‘zbekistonda qator qonun, farmon va qarorlarda belgilangan normalar kuchga kiradi. Xususan, hokimliklarning yerga nisbatan vakolati qisqartiriladi, haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi va boshqa o‘zgarishlar amal qila boshlaydi.
Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilinadi
O‘zbekiston Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan:
• yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish;
• tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
• sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
• jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
• xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
Shuningdek, Farmon bilan prokuratura organlari ishchi organligida Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.
Qolaversa, Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga bo‘lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi mumkin.
Haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 4 may kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan quyidagi davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi:
• avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
• vtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.
Xorijdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Bojxona ma’muriyatchiligi va tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 1 avgustdan:
• bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
• adbirkorga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona to‘lovlari to‘lamagan holda qayta ishlagandan so‘ng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
• mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi;
• olib kirish kontraktini olib chiqish kontrakti bilan, shuningdek, sotib olish kontraktini sotish kontrakti bilan o‘zaro bog‘liq holda monitoring qilish tartibi joriy qilinadi.
Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlandi
O‘zbekiston Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra joriy yilning 1 avgustidan:
• yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
• meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
• ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
• qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
• qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
• davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
• barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
• davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
• ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi.
“Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra joriy yilning 1 avgustidan boshlab:
• sport sinovlari 15 turdagi mashqlardan iborat bo‘ladi;
• baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi;
• ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi;
• sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Shuningdek, ular yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib 1 yil mobaynida quyidagi imtiyozlardan foydalanadi:
• safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
• maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kiradi;
• bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;
• maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan yo‘nalishli taksi mustasno);
• farzandlari yashayotgan joydagi maktab, bog‘cha, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
• barcha davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi;
• respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (OTM sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.
Davlat tashkilotlarida autsorsing shartlari asosida avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan:
• xizmat avtotransport vositalari respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga;
• respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.
Shuningdek, respublika davlat boshqaruvi organlarida autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.
Ayrim fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari YAIDXP orqali ko‘rsatiladi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentga muvofiq, 2021 yil 1 avgustdan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar quyidagilar hisoblanadi:
• nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar, OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hamda 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
• davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar;
• bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalar;
• yoshidan qat’i nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
• davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari.
Ularga davlat xizmatlari DXM yoki YAIDXP orqali Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi va nafaqa puli nafaqa yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati yaratiladi.
2021 yil 1 avgustdan onkologiya, onkogematologiya va gematologiya muassasalarining palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari shifokorlari, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun o‘ta xavfli sharoitlari uchun 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.
LiveBarchasi