1 apreldan ish haqi, pensiya va nafaqalar oshirilmoqda
Jamiyat
−
28 mart 2023
33932O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan joriy yilning 1 aprelidan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilmoqda.
2023 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
• pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 so‘m;
• yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 so‘m;
• nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
• mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
• 1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 so‘m;
• belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 so‘mdan) 747 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
• zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;
• ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 so‘m;
• o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilanmoqda.
Farmonda boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilanishi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘mdan qo‘shilishi aytilgan.
Shuningdek, oquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilanmoqda va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
2023 yil 1 maydan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilmoqda.
2023 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 so‘m;
• bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 so‘m etib belgilansin.
Belgilanmoqdaki:
• byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar – O‘zbekiston Respublikasining “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek, ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan;
• pensiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar – Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Mazkur Farmon talablarini bajarish uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti xarajatlarini oshirish hisobiga moliyalashtiriladi.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etiladi.
LiveBarchasi