Karantinni yumshatish alohida dastur asosida amalga oshiriladi – shtab a’zosi
Jamiyat
−
11 avgust 2020
10800Joriy yilning 15 avgust kuni O‘zbekistn o‘rnatilgan qat’iy karantin nihoyasiga yetadi. 15 avgustdan keyin respublika bo‘ylab karantin qoidalari yumshatilishi kutilyapti.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov karantin cheklovlari qay darajada yumshatilishi va qaysi sohalarga dahldor bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
“O‘tgan safar karantinni yumshatish bosqichma-bosqich amalga oshirilganda ko‘plab fuqarolar va sohasiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan cheklovlarning qo‘pol ravishda buzilishi qat’iy karantinni qayta joriy etishga olib kelgani hech kimga sir emas. Bu aholi orasida yetarlicha tashvish uyg‘otdi. Bundan keyingi yumshatish choralari hududlar va sohalar bo‘yicha alohida ishlab chiqilgan rejalar asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda”, dedi Rustam Ikromov.
Ayni kunlarda bir nechta viloyatlar o‘zining epidimiologik vaziyatidan kelib chiqqan holda karantin qoidalarini yumshatishni boshlab yuborgan. Hususan, bugundan boshlab Farg‘ona viloyatida umumiy ovqatlanish ob’ektlari, jumladan, oshxona, choyxona, restoran va kafelar faoliyatiga ruxsat berildi.
12 avgustdan boshlab Samarqand viloyatida ham oshxona va mehmonxonalar, go‘zallik salonlari va sport o‘yingohlari faoliyatiga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishida ham fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlangan edi.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi