Markaziy bank: pul kamida bir hafta omborxonada saqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki koronavirus infeksiyasining mamlakat bo‘ylab keng miqyosda tarqalib ketmasligi uchun to‘lovlarni imkon darajasida naqd pulsiz amalga oshirishni tavsiya qilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkin. Virus qog‘oz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashashi ma’lum qilingan.

Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalaridagi va tijorat banklaridagi naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan vaqti-vaqti bilan (haftada 1-2 marotaba) dezinfeksiya qilinmoqda.

Bunga qo‘shimcha ravishda, barcha bank muassasalariga:

•    bank kassalariga kelib tushgan naqd pullarni kamida bir hafta muddatda pul omborxonalarida alohida (xonada yoki stellajlarda) saqlash;

•    ushbu naqd pullarni mijozlarga chiqim qilishda pul bog‘lamining nakladkasida qayd etilgan sanaga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

Naqd pullar karantinda saqlanayotgan davrda qo‘shimcha naqd pullarga ehtiyoj yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari tomonidan yetkazib beriladi.

Biroq, bankdan chiqqan naqd pullarning muayyan davr mobaynida aholi va tadbirkorlar qo‘lida muomalada yurishi, ayrim hollarda bitta banknotning qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi oqibatida banklarga kelib tushishi uzoq muddatga cho‘zilib ketishi ehtimoli yuqori. 

Hozirda ayrim savdo nuqtalarida tovarlarni onlayn xarid qilish, to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish, mobil ilovalar orqali kommunal va ayrim bir martalik to‘lovlarni to‘lash imkoniyatlari yaratilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, karantin davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga:

•    to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirish va qabul qilishdan cheklanish;

•    naqd pulsiz (shu qatorda kontaktsiz to‘lov kartalari orqali) hisob-kitoblardan keng foydalanish va foydalanilgan bank kartasini tibbiyot spirti yoki boshqa antiseptik vositalar bilan artib, dezinfeksiya qilib turish;

•    shuningdek, to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan, jumladan internet-banking, mobil ilovalari hamda to‘lov tashkilotlarining dasturlaridan keng foydalanish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 55 nafarga yetdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank koronavirus

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing