AQSHning giperovozli quroli, 35 davlat uchun yopilgan Tojikiston – voqea-hodisalar dayjesti
Olam
−
03 mart 2020
6078Jahon yangiliklari
AQSH. Qo‘shma Shtatlar bu yil giperovozli qurolini sinovdan o‘tkazadi. Bu haqida ushbu dastur direktori o‘rinbosari Mayk Uayt ma’lum qilgan. "Biz harbiy-dengiz va quruqlikdagi kuchlarni rivojlantirishni tezkor yadroviy zarba berish dasturidan boshlaymiz...", dedi u jurnalistlarga. Shu bilan birga, u allaqachon rivojlanish bosqichidan prototiplarni yaratishga o‘tilganini, keyingi bosqich ishlab chiqaruvchilardan mavjud qurol tizimlarini sotib olish bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Ukraina. Mamlakat bosh vaziri Aleksey Goncharuk kecha, 2 mart kuni Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng, iste’foga chiqish uchun ariza yozdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 3 mart kuni “Xalq xizmatchilari” fraksiyasining yig‘ilishida barcha deputatlar ishtirok etadigan bo‘lsa, Bosh vazirning ketishi yoki qolishi muhokama etiladi.
Saudiya Arabistoni. Mamlakat xavfsizlik holatiga qarab Suriyaning Idlib shahriga insonparvarlik yordamini yuborishga tayyorligini, ammo buni BMT singari neytral sheriklik orqali amalga oshirishni ma’qul ko‘rishini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonining favqulodda yordamini, ya’ni oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda, shuningdek, suriyalik qochqinlarga nisbatan loyihalar bo‘yicha Suriya Yamandan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Shri-Lanka. Mamlakat Prezidenti Gotabay Rajapaksa paralmentni tarqatib yubordi va yangi saylov kunini belgilab berdi. Bu haqida tegishli farmon imzolangan. Hujjatga ko‘ra, yangi parlament saylovlari joriy yilning 25 aprelida bo‘lib o‘tadi, nomzodlik muddati 12 martdan 19 martga qadar davom etadi.
Tojikiston. Mamlakat koronavirus fonida 35 ta davlat uchun o‘z chegaralarini yopdi. Ushbu ro‘yxatga quyidagi mamlakatlar kirdi: XXR, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vetnam, Singapur, Avstraliya, Malayziya, Kamboja, Filippin, Tailand, Nepal, Shri-Lanka, Hindiston, Finlyandiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Belgiya, Isroil, Avstriya, Xorvatiya, Shveysariya, AQSH, Kanada, BAA, Misr, Eron, Livan, Kuvayt, Bahrayn, Ummon, Afg‘oniston, Iroq va Jazoir.
O‘zbekiston yangiliklari
O‘zbekistonda 2020 yilning 2 martidan boshlab savdo ekvayringi uchun komissiya to‘lovlarini undirish boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu komissiya yig‘imi Uzcard hamda Humo tizimlari terminallari orqali qilingan to‘lovlardan olinadi. Ta’kidlanishicha, Bank kartalari orqali to‘lovlar amalga oshirilishida xalqaro tajriba bo‘yicha vositachilik haqi, qoida tariqasida, bank kartasi saqlovchisidan (egasidan) emas, to‘lovlarni qabul qiluvchi savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlaridan olinadi.
Futbol xabarlari
Angliya Kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan dastlabki o‘yinda “Arsenal” safarda “Portsmut”ga qarshi bahs yuritib, 0:2 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston Pro-ligasining yangi mavsumi uchun qur’a tashlanadi. Joriy mavsumda Pro-liga bahslarida 8 jamoa ishtirok etadigan bo‘ldi:
“Dinamo” (Samarqand)
“Istiqlol” (Farg‘ona)
“Oq-tepa” (Toshkent)
“Neftchi” (Farg‘ona)
“Sho‘rtan” (G‘uzor)
“Xorazm” (Urganch)
“Zomin” (Zomin)
“Turon” (Yaypan).
LiveBarchasi