Dunyoga mashhur fenomen Nusret O‘zbekistonga maxsus reys bilan olib kelindi
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
27556Xabaringiz bor, joriy yilning 23 noyabr kuni Toshkentdagi “Humo Arena” sport majmuasida ilk bor MMA GFC-20 turniri bo‘lib o‘tdi. GFC-20 musobaqasi doirasida Rossiya (5 nafar), O‘zbekiston (7 nafar), shuningdek, Ozarbayjon, Fransiya, Braziliya, Argentina, Surinam, Tunis va Ukraina davlatlarining sportchilari ishtirokida 12 ta jang tashkil etildi.
Kechaning asosiy bahsida rossiyalik Umar Nurmuhamedov va argentinalik Brayan Gonsales yengil vazn toifasida GFC chempioni unvoni uchun kurash olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi raisi, Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov tomonidan tashkillashtirilgan ushbu tadbirda faxriy mehmon sifatida Mutlaq janglar chempionatining (UFC) yengil vazn toifasidagi chempioni Habib Nurmuhamedov ham ishtirok etdi.
Shuningdek, faxriy mehmonlar qatorida boks bo‘yicha beshta vazn toifasida sobiq jahon chempioni kichik Roy Jons, MMA jangchisi, Braziliya Jiu-jitsusi bo‘yicha sport ustasi Jeff Jonson, qolaversa, turkiyalik taniqli oshpaz Nusret Go‘kche ham bo‘lgan.
Aytishlaricha, ijtimoiy tarmoqlarda dunyo miqyosidagi fenomenga aylangan va 24 million kuzatuvchiga ega bo‘lgan Nusret O‘zbekistonga cherter-reysda olib kelingan. Biroq, u Instagram’dagi sahifasiga O‘zbekistonga tashrifi va sport musobaqasidagi ishtirokidan birorta surat yo video joylamagan.
Nusret Go‘kche sport klubiga borib, o‘zbekistonlik bokschilar Bahodir Jalolov va Isroil Madrimov bilan mashq qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Nusret 2010 yilda “Nusr-et Steakhouse” nomli restoranga asos soldi. Oz vaqt ichida u dunyo oshxonasining eng taniqli oshpaziga aylandi. Ayni vaqtda Turkiya, AQSH va BAAda Nusretga tegishli restoranlar mavjud.
LiveBarchasi