Burak O‘zchivit ishtirokidagi yangi serial ekranga chiqdi

Madaniyat-san’at

image

Taniqli turk aktyori Burak O‘zchivit Turkiyada suratga olinayotgan “Qurilish. Usmon” serialida suratga tushayotgani haqida xabar bergan edik. Kecha, 20 noyabr kuni “ATV” telekanalida ushbu serialning ilk qismi namoyish etildi. 

Xabaringiz bor, joriy yilning aprel oyida aktyor Burak O‘zchivit O‘zbekistonga kelgan edi. O‘shanda QALAMPIR.UZ bilan suhbatda yangi tarixiy serialda bosh qahramon rolini ijro etayotgani, shu sabab sochlarini o‘stirayotganini aytgandi. U “Qurilish. Usmon” serialida Usmoniylar saltanati asoschisi Usmonning obrazini gavdalantirmoqda.

Yangi serial bundan oldin suratga olingan va 5 yil davomida dunyoning 85 mamlakatida tomosha qilingan “Tirilish. Erto‘g‘rul” serialining mantiqiy davomi bo‘lib, QALAMPIR.UZ kuni kecha Turkiyaga amalga oshirgan safari davomida serial suratga olinayotgan hududni ko‘zdan kechirdi va ijodkorlar bilan suhbatda bo‘ldi. 

Ayni “Qurilish. Usmon” seriali suratga olinayotgan maydonda o‘zbek va turk kinoijodkorlari hamkorligida suratga olinayotgan “Jaloliddin Manguberdi” serialining dekoratsiyalari qurilgan. Dekoratsiyalarda Xorazmdagi tarixiy obidalar aks etgan. 

Ayni vaqtda serial ustida tarixchi olimlar, dizayner, rejissyor, aktyorlar jamoasi bosh qotirmoqda. Tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston tomoni mazkur serialni suratga olish ishlari uchun 5 million AQSH dollari miqdorida pul ajratgan.

“Tirilish. Erto‘g‘rul”, “Qurilish. Usmon” seriallari prodyuseri va ssenariy muallifi Mehmet Bo‘zdog‘ hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlikda suratga olinayotgan “Jaloliddin Manguberdi” serialiga ham boshchilik qilmoqda. QALAMPIR.UZ Toshkentga tashrifida OAV bilan muloqot qilmagan Mehmet Bo‘zdog‘ bilan suhbatlashish, seriallar suratga olinayotgan maydonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, to‘liq ma’lumot olish maqsadida Mehmet Bo‘zdog‘ning ortidan Istanbulga bordi va u bilan suhbatlashib qaytdi. Ushbu intervyuni esa tez orada QALAMPIR.UZ internet nashrida va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Burak O'zchivit

Baholaganlar

107

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing