Mirziyoyev Jeenbekov bilan Qirg‘izistondagi vaziyatni muhokama qildi
Jamiyat
−
09 avgust 2019
13582O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kunining oxirida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilganlar.
Ma’lumki, Qirg‘izistonda mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan ta’qib kun sayin keskin tus olmoqda. Atamboyev tarafdorlari bir taraf, Hukumat bir taraf.
Muloqotda Qirg‘izistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani alohida qayd etildi. Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat amaldagi qonunchilik doirasida tez orada barqarorlashishiga umid bildirildi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalari bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish hamda Chegarada ishonch choralari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq uning xavfsizligini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida davlat rahbarlari keng ko‘lamli hamkorlikni yanada faol rivojlantirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini tasdiqladilar.
Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni sobiq iqtidor Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.
Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.
Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyorligini aytdi.
22 iyul kuni Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga kelgandi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi.
Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.
8 avgust kuni Atamboyev huquq-tartibot organlari xodimlariga taslim bo‘ldi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr