Rossiyadan nima olib, nima beramiz yoxud haftani tebratgan voqealar
Tahlil
−
29 yanvar 2023
19327Joriy hafta yomon o‘tdi, yomon voqealar ko‘p bo‘ldi. Shuning uchun bu galgi hafta dayjesti ko‘nglingizni anchagina xira qilishi tabiiy. Nailoj, qozonda borini ichaveramiz. Lekin qora xabarlarni bir chetga surib, hozircha haftaning kam sonli yaxshi xabaridan gapni boshlab olsak.
Sarson bo‘lgan o‘quvchilar yoxud III chorak boshlandi
Maktab boshlanadi-boshlanmaydi, deb axiyri Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joriy yilning 23 yanvaridan O‘zbekistonning barcha hududlaridagi maktablarda III chorak darslarini amallab boshlab oldi. Ammo vazirlikning fikri yana o‘zgarib qolmasmikan, deb o‘yga botganlar ham bo‘ldi. Issiqlik ta’minotida muammosi bo‘lgan maktablar holat yaxshilanguniga qadar o‘qishni vaqtincha masofadan olib borishiga ruxsat etilgach, birgina Toshkent shahridagi 340 ta maktabning 57 tasida darslar onlayn boshlandi.
Maktablar ochilishga ochildiyu bu yoqda ko‘plab davlat tashkilotlari yopilib ketdi. Bu albatta yaxshi yangilik.
Xo‘sh, son kamayganiga yarasha sifat endi yaxshilanarmikan?
25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolanib, vazirlik va idoralarda byudjet va nobyudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilishi belgilangan. Shuningdek, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga kamaytiriladigan bo‘ldi.
Hujjatga ko‘ra, hukumatga bo‘ysunadigan mustaqil vazirlik va idoralar soni 26 ta etib belgilandi. Ular tarkibiga kirgan barcha qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan birga jami 69 ta, shu jumladan:
- vazirliklar – 21 ta;
- qo‘mitalar – 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;
- agentliklar – 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;
- inspeksiyalar – 11 ta.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qisqartirishlar ortidan, 703 ta avtotransport vositalari va 10 ta binolar bo‘shaydi.
— shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trillion so‘m;
— avtotransport vositalari sonini qisqartirish hisobiga (shu jumladan, yoqilg‘i-moylash, shinalarni almashtirish xarajatlari) 70 milliard so‘m byudjet mablag‘lari iqtisod qilinadi.
Necha yilki byudjet to‘g‘risidagi hisobotlarda iqtisod qilinayotgan pullar haqida eshitamiz. Lekin iqtisod qilinayotgan pullar nimaga sarflanayotgani, xalqqa yetib boryaptimi, yoki undan ham iqtisod qilinyaptimi bilmaymiz. Shu sababli bo‘lsa kerak, mamlakatimizda kambag‘allik bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligicha qolmoqda.
Ishsizlarni ishli qilish, kambag‘al aholi qatlamiga sharoit yaratish, hukumatning islohotlaridan biri desak yanglish bo‘lmaydi. Lekin O‘zbekistonda muammoga prezident e’tibor qaratmaguncha boshqalar bir joyda depsinib turgani –turgan.
Shu haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Kambag‘allikni qisqartirish uchun 1,5 trillion so‘m ajratiladi.
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga byudjetdan 1,5 trillion so‘m eng og‘ir mahallalardagi kambag‘allikni qisqartirish uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosariga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan 135 million dollarlik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantirib, ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi ham qo‘yildi. Doimgidek yig‘ilishda hokimlar tanqid qilindi. 1,5 trln so‘m eng og‘ir mahallalardagi kambag‘allikni qisqartirish uchun yo‘naltiriladiyu.
“Eskini eplaguncha esing ketar”
Surxondaryoning bir emas, ikki emas, ana boring uch emas, naq 13 ta hokimi ishdan olinib o‘rinlariga yangilari keldi. Darhaqiqat, Surxondaryo uchun 2023 yilning quyoshi tamomila boshqa tomondan chiqdi. Uch yildan oshiq vaqt davomida Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlagan To‘ra Bobolov 2022 yil dekabr oyi oxirida ishdan olinib, uning o‘rniga Toshkent shahri prokurori Ulug‘bek Qosimov tayinlangan bo‘lsa, uning ortidan viloyatning 13 ta hokimi ham birvarakayiga lavozimidan ozod etildi.
Qadimdan qolgan bir maqol bor: “Eskini eplaguncha esing ketar”. Yangilari nimani o‘zgartiradi, buni omon bo‘lsak ko‘raveramiz.
O‘zbekistonliklar qutilmayotgan korrupsiya!
Amal kimlarni o‘zgartirmagan deysiz. Muximi lavozimga o‘tirayotganlar korrupsiya degan baloning tuzog‘iga tushib qolmasa bo‘ldi.
Masalan, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati filialining sobiq boshlig‘i jamg‘armaning 1 mlrd 800 mln so‘m pul mablag‘larini yeb yuborgani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, jamg‘armaning sobiq rahbari yolg‘iz bo‘lmagan. U Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi MCHJ rahbari bilan til biriktirib, ushbu jinoyatni sodir etgan. Holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Korrupsiya haqidagi xabarlarimiz hali tugagani yo‘q!
2022 yil davomida Sog‘liqni saqlash sohasida 793 nafar xodim tomonidan jami 805 ta korrupsiyaviy holatlarda jinoyatga qo‘l urilgan. Korrupsiyaviy holatlarning 320 tasi ishga qabul qilish bilan bog‘liqligi qayd etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil davomida soha xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismi xodimlarning ish haqlarini o‘zlashtirish, ishga kiritish yoki ish soatini ko‘paytirish, davlat xaridlari, tibbiyot muassasalariga tegishli mol-mulklar va byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, tibbiy muolajalar uchun pora olish kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Bular orasida, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash hamda ularga ish haqini hisoblash bilan bog‘liq korrupsion jinoyat sodir etgan shaxslar soni sog‘liqni saqlash tizimdagi jami jinoyatga qo‘l urgan shaxslarning deyarli 50 foizini tashkil etmoqda.
Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urayotgan shaxslarning aksariyati oddiy shifokor yoki boshqa tibbiyot xodimlari emas, balki yana o‘sha biz bilgan rahbar va ma’muriy boshqaruv xodimlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu o‘rinda, bu shifokorlarni urish, ularni kaltaklash mumkin degani emasligini eslatmoqchimiz. Nafaqat shifokorlarni, balki bir shaxs boshqa bir shaxsni urishi, unga tan jarohati yetkazishi mumkin emas. Biroq, birovni urish tugul urib o‘ldirib qo‘yadiganlar ham oramizda bor.
O‘zini yoqayotgan o‘zbek ayollari
Surxondaryo viloyatida Sherobod tumanida muqaddam 3 marotaba sudlangan erkak turmush o‘rtog‘ini urib o‘ldirib qo‘ydi. Xabarlarda 51 yoshli erkak shar’iy nikohidagi ayolini rashk va mastlik sabab urib o‘ldirib qo‘ygani aytiladi. Holat sodir bo‘lganidan so‘ng, erkakning o‘zi Ichki ishlar organlariga holat bo‘yicha xabar bergan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol erkakning uchinchi turmush o‘rtog‘i bo‘lib oilaning 8 va 11 yoshdagi farzandlari bo‘lgan. Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksning 97-moddasi, 1-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Er va xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, tortishuvlar bo‘lib turishi tabiiy holat. Lekin bu tortishuvlarning jiddiylashib ketishi katta falokatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Mana o‘sha falokatlardan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada erkak homilador ayolini mashinaga solib yoqib yuborgani haqida xabarlar, voqea aks etgan videolar tarqaldi.
Holat bo‘yicha, Bosh prokuraturaning rasmiy malumotiga ko‘ra, voqea joriy yilning 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda yuz bergan. Shifoxonadan uyiga qaytayotgan er-xotin mashinada rashk tufayli urishib qolgan. Ular gaplashib olish maqsadida, “Matiz” rusumli avtomashinasini Farg‘ona shahridagi “Neftchi” stadioni ro‘parasida to‘xtatgan.
Shu vaqtda 1987 yilda tug‘ilgan homilador ayol o‘zi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi “benzin” yoqilg‘isini dastlab turmush o‘rtog‘ini, keyinchalik esa o‘zini va avtomashina saloni ichiga sepib, yoqmoqchi bo‘lgan. Ayolning bu harakatidan qo‘rqib ketgan Turmush o‘rtog‘i avtomashinadan tushib, tashqariga qochgan vaqtda ayol zajigalka bilan o‘zini va avtomashinani yoqib yuborgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloq shifoxonada vafot etgan.
Ayollarga bo‘ladigan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurash, ayollarga oilada va jamiyatda o‘qishi, ishlashi uchun imkoniyat yaratish. Ayollarning huquqlarini himoya qilish aytilayotgan bir vaqda ular o‘zlarini o‘ldirishlari, yoqib yuborishlari juda achinarli. Kimdir ayolni, kimdir erakakni, kimlardir bu holatda jamiyatni ayblaydi. Bir qarashda ayol qornidagi bolasi borligiga qaramasdan o‘z joniga qasd qilishiga ham yetarli sabablar bo‘lishi kerak albatta. Ayollar huquqini himoya qilish, ularga tazyiq qilganlik uchun og‘irroq jazo choralarini ko‘rish masalalari doim muhokama qilinadi.
24 yanvar kuni ham Senatda nodavlat notijorat tashkiloti (NNT), davlat idoralari va faollar ishtirokida oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonunning jamoatchilik muhokamasi o‘tkaziladi.
Muhokama oldidan Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘z ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy jazo tayinlanmagunicha, ushbu jinoyatga davlatning munosabati Jinoyat kodeksida aniq aks etmagunicha, bir joyda qotib turaveramiz. Busiz boshqa hech nima yordam berolmaydi – yuzaki choralar ham, eng ilg‘or gender loyihalari ham, quruq gap bilan tarbiyalashga urinishlar ham. Oldin ayollar oldidagi mas’uliyatni belgilagan holda, ularni himoyalovchi qonun joriy etilishi zarur. Qolgani keyin bo‘ladi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Yangi O‘zbekistonda suvsiz qolayotgan mahallalar
Ayollarga nisbatan qilinadigan zo‘ravonlik faqat jismonan emas, ba’zan ijtimoiy tomonlama ham bo‘lishi mumkin. Masalan, qishloq joylarda, ichimlik suvi yetib bormagan qishloqlarda oilani ichimlik suvi bilan ta’minlash vazifasi aynan ayollar va bolalarning zimmasiga tushib qoladi. Xo‘sh nechta ayol kilometr uzoqlardan suv tashiydi deysizmi?
Buni aniq bilmaymiz. Bilganimiz shuki, O‘zbekistondagi 9314 ta mahalladan 1545 tasiga ichimlik suvi hali yetib bormagan. 3944 ta mahalla esa qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Mana shu mahallalarda yashaydigan oilalarni tasavvur qilavering.
2023 yilda 1,1 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanishi reja qilingan. Shuningdek, iste’molchilar bazasida abonentlarning soni 4,4 milliontadan 4,6 milliontaga yetkazib, 202 ming iste’molchiga oshiriladi.
Ajablanarlisi, 2022 yilda barcha dasturlar doirasida 3,3 trillion so‘m byudjet mablag‘lari va xalqaro moliya institutlarining 185,5 million dollar mablag‘lari o‘zlashtirilib, respublika aholisini suv bilan ta’minlashga sarflangan.
“O‘zsuvta’minot” AJ raisi o‘rinbosari mazkur mablag‘lar xisobidan respublika bo‘yicha jami 7130,1 km ichimlik va 232,9 oqaova suv tarmoqlari tortilgan. Qolaversa, 859 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurilib, rekonstruksiya qilinganini aytmoqda.
Suv muammosidan tashqari O‘zbekistonning boshqa muammolari ham bor. Elektr energiyasi
O‘zbekiston “svet”,gaz taqchilligidan qiynalayotgan bir vaqtda “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy O‘zbekistondan shartnoma asosida elektr energiyasi eksport qilishni so‘rab, murojaat bilan chiqdi.
Mutaqqiy bunga Afg‘onistonning Kobul shahri va viloyatlarida elektr energiyasi taqchilligi davom etayotganini sabab sifatida ko‘rsatgan. Tolibon shartnomani eslatishining ma’lum sabablari bor albatta.
Afg‘onistonning 16 viloyatida anomal suvuq tufayli hozirgacha 124 nafar kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Norasmiy manbaalar esa bu raqamlar allaqachon 150 dan oshganini aytadi.
“Sovuqdan halok bo‘lganlarning aksariyati cho‘ponlar yoki qishloq aholisi. Ular tibbiy yordam olish imkoniga ega emas edilar. Biz hali ham tog‘li hududlarda qolayotganlardan xavotirdamiz. Tog‘lardan o‘tuvchi yo‘llarning aksariyati qor tufayli yopilgan. U yerda mashinalar tiqilib qoladi, yo‘lovchilar past haroratda halok bo‘lishadi”, deydi Tabiiy ofatlarni boshqarish vaziri, mulla Muhammad Abbos Oxund. Afg‘onistonda sovuq tufayli halok bo‘lganlar soni 124 kishiga yetdi.
Energetika vazirligi Tolibon harakati kelishuvlarni eslatishi ortidan 25 yanvardan boshlab O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilayotganini aytdi. O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi berishni rejalashtirmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, Turkmaniston sovuq tufayli yuzaga kelgan texnik sabablarga ko‘ra, joriy yilning 12 yanvaridan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan edi. Ko‘p o‘tmay, aniqroq aytganda 21 yanvardan boshlab, Turkmaniston O‘zbekistonga 4,8 mln kub metr gaz yetkazib bergani ma’lum qilindi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 12,6 mln kub metrga yetgan. Turkmaniston O‘zbekistonga gaz eksportini tikladi
Tarmoqlarga qarasangiz hamma bu holatlarda kimnidir ayblaydi. Hukumat aholini gaz bilan ta’minlash uchun bir nechta choralarni ko‘rayotganini aytdi. Energetika vaziri videomurojaat qilib, vaziyatni tushuntirdi.
24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi rahbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib “Gazprom” matbuot xizmati korporatsiyaning rasmiy veb-sayti orqali xabar berdi.
“Tomonlar o‘zaro munosabatlarning dolzarb va istiqbolli masalalarini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuvda Aleksey Miller va Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz sanoatida hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladilar”, deyiladi bayonotda.
“Yo‘l xaritasi” haqidagi xabarni o‘zbekistonliklar dastavval Energetika vazirligidan emas, balki Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidan eshitgani hamda asosiy ma’lumotlar hali ochiqlanmagani bois ijtimoiy tarmoqlar orqali norozilik bildira boshladi.
Bu holatga o‘z fikrini bildirganlar orasida Alisher Qodirov ajralib kelgandek tuyuldi. Chunki, uning munosabatida kelishuv tafsilotlarining ochiqlanmagani bu sir emas, aksincha biznes odobi ekanini aytib Gazpromning yonini olgandek.
“Energetika va Tashqi ishlar vazirlari bilan “Gazprom” “yo‘l xaritasi” tafsilotlarini gaplashdim. Bu insonlar murakkab davrda mamlakatimiz manfaatlari uchun jiddiy va foydali ishlar qilishmoqda. Bu ish milliy manfaatlarimizga zarar emas, aksincha yaxshigina foyda keltirmoqda. Ko‘p tomonlama bo‘lgan bu kelishuv tugallansa, batafsil axborot beriladi, bu biznes odobi, sir emas!” degan u o‘zining Telegram sahifasida.
Shuningdek, u mazkur mavzu yuzasidan tanqidiy fikr bildirganlarni “O‘zbekiston manfaatiga zid yo‘nalishda ishlash”ga yo‘ygan.
“So‘z erkinligi birinchi navbatda mas’uliyatdir. “Yo‘l xaritasi” bilan “shartnoma”ni farqlay olmaydiganlar xalq manfaati uchun kurashayotgan mas’ullarni xoinlikda ayblashi, bilib yoki bilmay O‘zbekiston manfaatiga zid yo‘nalishda ishlashga o‘xshab qolayapti”, deya qo‘shimyaa qilgan u.
Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi
Qayd etilishicha, Boku vaqti bilan soat 08:30 da Ozarbayjonning Eron Islom Respublikasidagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgan. Bosqinchi “Kalashnikov avtomati” bilan qurollangan bo‘lgan. U qo‘riqlash postini buzib kirib, xavfsizlik xizmati rahbarini o‘ldirgan. Hujumning oldini olish chog‘ida elchixonaning ikki qo‘riqchisi yaralangan. Ularning ahvoli hozirda qoniqarli.
“Ayni paytda ushbu hujum yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ish tafsilotlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Tehron politsiyasi brigadasi boshlig‘i Husayn Rahimiyning aytishicha, jinoyatchi hibsga olingan. Dastlabki tergovlar hujumga shaxsiy va oilaviy muammolar sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.
Ozarbayjon qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchi ekanini aytib chiqdi.
“Ozarbayjon mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Elchixona xodimlarini Ozarbayjonga evakuatsiya qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deyilgan Ozarbayjon TIV rasmiy vakili.
Uning ta’kidlashicha, Eron mezbon davlat sifatida elchixona xavfsizligini ta’minlashi kerak edi, ammo bu amalga oshmadi. Shuning uchun Ozarbayjon Eron tomondan tegishli choralar ko‘rishni talab qiladi.
Ozarbayjon mazkur holatga javobgar shaxslarni aniqlash va jazolash uchun tegishli xalqaro mexanizmlardan foydalanishini ma’lum qilgan. Rasmiy Boku bunday hujumga yaqinda Eronda o‘tkazilgan Ozarbayjonga qarshi kampaniya sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ham holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“Mamlakatning Erondagi diplomatik vakolatxonasiga tahdid qilishga urinishlar avval ham bo‘lgan. Eronga bu kabi holatlarga qarshi choralar ko‘rish, diplomatik missiya xavfsizligini ta’minlash masalasi doimiy ravishda ko‘ndalang qo‘yiladi. Afsuski, so‘nggi terrorchilik hujumi bizning qat’iy murojaatlarimizga Eron tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmaganini ko‘rsatadi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi.
“Bugun Tehrondagi elchixonamizga qarshi sodir etilgan terroristik harakatni qat’iyan qoralayman. Biz ushbu harakatni tezkor tekshirishni va terrorchilarni jazolashni talab qilamiz. Diplomatik vakolatxonalarga qarshi terroristik hujumga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozgan Ozarbayjon rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi
Shu haftaning 26 yanvar kunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga otlandi.
Davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekkan.
Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:
• O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish to‘g‘risida bayonnoma;
• Qirg‘iz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur;
• Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• Fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga Bayonnoma;
• Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma.
Vazirlik va idoralarlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.
Shuningdek, Jizzax va Issiq-ko‘l, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturlar imzolandi.
Eng muhimi Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara delimitatsiyasi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishdi.
27 yanvar kuni Bishkekdagi “Ala-Archa” qarorgohida davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasman kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgach, rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.
Uchrashuvda tomonlar oxirgi ikki yilda o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishganini ta’kidladi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani esa tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.
“Men hamkasbimga chegara masalasida shaxsan yordam bergani uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Agar uning siyosiy irodasi bo‘lmaganida, bugun biz bunday natijalarga erishmagan bo‘lardik. Bu ishlar “ertaga” ortga deb surib kelindi. Oradan 30 yil o‘tdi va biz bu masalalarni hal qilganimiz yo‘q edik. Shuning uchun men sizga yana bir bor rahmat aytmoqchiman. Muzokaralar yakunlandi, tarixiy shartnoma tuzildi. Bu qardosh xalqlarimiz tomonidan katta ishtiyoq bilan kutib olindi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kelishuvga muvofiq umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘i, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining 35 ta uchastkasi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovni oladi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar kengashi deputatligidan ketdi
Qirg‘izistonda shunday muhim masalalar hal etilayotgan bir paytda, sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar kengashi deputatligidan muddatidan oldin iste’foga chiqdi. Tegishli qaror 27 yanvar kuni shahar kengashi tomonidan qabul qilingan.
Qonunchilikka ko‘ra, senator va kengash deputati vakolat muddati davomida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yil yanvar oyida O‘zLiDeP partiyasidan 48-saylov okrugidan Kengash deputati, so‘ngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi. Uning vakolat muddati 2025 yilning yanvarigacha bo‘lgan.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki shahar hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan Baxtiyor Rahmonov lavozimga kirishiboq majlis o‘tkazdi va bir hafta mobaynida barcha tumanlardagi mahallalarda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sodir bo‘layotgan uzilishlarni qisqa vaqt ichida bartaraf qilish chora tadbirlari ko‘rilishini aytdi. U lavozimga tayinlanganiga 12 kun bo‘ldi. Mahallangizagi gaz “svet” bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildimi? Bu haqda izohlarda yozib qoldiring.
LiveBarchasi