Mirziyoyev va Anvar Ibrohim muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
17 may
4826O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Malayziya hukumati rahbari Shavkat Mirziyoyevga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta’kidladi.
“Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo‘lgan, jadal o‘sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi aviareyslar ko‘paymoqda.
O‘zaro savdo hajmining kelgusida ham o‘sishini ta’minlash va ko‘rsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Malayziya biznes forumi yakunlari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, “Halol” standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish va transport bog‘liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faollashtirishga qat’iy intilish bildirildi.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun’iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi urg‘ulandi.
Malayziyalik sayyohlarning O‘zbekistonga oqimi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan “Umra plyus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlar o‘rtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi.
Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg‘oniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
"Markaziy Osiyo + ASEAN" formatida Tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko‘rib chiqish tashabbusi bildirildi.
Ishonchli, ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr