Diyora Usmonova “Jahannam hayot”

Tahlil

So‘nggi vaqtlarda ayollarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklar e’tibor markazida turibdi. Ijtimoiy tarmoqlar shu haqdagi postlarga to‘lib ketdi. Qay bir ma’noda ayollar oilada bo‘layotgan tahqirlashlarga qarshi bosh ko‘tara boshladi. Xususan, kuni kecha O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning jiyani sobiq oilasida yillar davomida kaltaklanib kelingani haqida gapirib, Instagram sahifasiga video joyladi. Gap shundaki, Diyora Usmonova 20 yoshida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning jiyani, marhum Bobur Usmonov bilan turmush qurgan. Bobur Usmonov 2013 yil 8 may kuni Toshkent shahrida o‘z mashinasida halokatga uchrab, vafot etgan.

Diyora Usmonovaning yozishicha, shuncha vaqt o‘tib, bu voqealar haqida gapirishiga sabab uning hikoyasi oilasidagi zo‘ravonliklarga chidab kelayotgan ayollarning qarashlarini o‘zgartiradi, deb hisoblashidir.

“(Bu) 21 yoshimdan 25 yoshgacha boshdan kechirgan hayotim haqida. Hatto, 19 yoshdan boshlangan, desak ham bo‘ladi. Men birinchi erim bilan qiyin munosabatlarda edim, shunga qaramay unda juda ko‘p sevgi va ehtiros ham bor edi. Biz bir-birimizni sevardik va turmushimiz uchun juda qattiq kurashdik. Keyinchalik, u menga qo‘l ko‘tara boshladi. Bu kaltaklashlar to‘rt yil davom etdi, miya chayqalishi, ko‘p qon yo‘qotish va ko‘karishlarni boshdan kechirganman. Butun tanam ko‘karardi, mebel, eshiklar – hamma narsa sinardi”, deydi Usmonova.

U jamiyatdagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tahqirlashlarga ularning o‘zi aybdor ekanligini aytdi. 

“Bularning barchasi 100 foiz ular (erkaklar)ning aybi bilan sodir bo‘lmaydi. Bu yerda 50 foiz bizning ham aybimiz bor. Bizning muammomiz: o‘zimizni yetarlicha qadrlamaymiz, yetarlicha jasoratli emasmiz, oyoqlarimizda yetarlicha mustahkam turolmaymiz, teskari ta’sir qilishdan qo‘rqamiz, ota-onalarimizga aytishdan qo‘rqamiz, ota-onamizga qaytishdan qo‘rqamiz, hammasini qaytadan boshlashdan qo‘rqamiz. Chunki holat o‘zgaradi, kelajakda buning qandaydir yaxshi natijalari bo‘ladi, deb umid qilamiz – hammasi bizning aybimiz. 

Shuningdek, video davomida Usmonova marhum Usmonovning birinchi marta qo‘l ko‘targanida, uni beshinchi qavatdan birinchi qavatga sudrab tushirganini, u cho‘loqlanib qolganini esladi. Ushbu voqeadan so‘ng uni kechirgani barcha qiynoqlarning boshlanishi bo‘lganini  aytdi.

“U oyog‘imni o‘pib, kechirim so‘raganini eslayman. Men unga egilib, boshini quchoqlab oldim, oxiri rahmim keldi, tinchlantirdim, hammasi yaxshi, hech qanday yomon narsa bo‘lmagan, bu vaziyatdan bunchalik xavotirlanishga hojat yo‘q, deb dalda berdim. Ya’ni, vaziyat shunday o‘zgaradi. Men buni endi, oradan 10 yil o‘tib tushundimki, mening katta muammoim, bizning katta muammomiz – sodir bo‘layotgan voqealarning fojiasini ko‘rmasligimiz va tushunmasligimizdir”, deydi Diyora Usmonova.

Uning fikricha, ayollar bunday munosabatlarni tugatib ketish uchun kuch topishi kerak. Ammo o‘zi bunday kuch topa olmagan. Sobiq turmush o‘rtog‘ining mehribonligi va bunday xatti-harakatlari bir-biri bilan to‘g‘ri kelmasligini uni hayron qoldirardi. 

“Bu qandaydir psixologik og‘ish, davolash kerak bo‘lgan ruhiy holat va biz farzandlarimizni bundan himoya qilishimiz kerak. Bunday munosabatlarni tark etishingiz kerak. Chunki siz bir marta kechirasiz, ikkinchi marta kechirasiz, keyin bu odatga aylanib qolsa, bu juda yomon tugashini yoki butun hayotingizni zaharlashini tushunasiz. O‘shanda o‘zimda kuch topa olmadim va hozir 10 yil o‘tib, orqamga qarayman va men tomondan qancha xatolarga yo‘l qo‘yilgani, bunda mening aybim qanchalik katta ekanini tushunaman. Xuddi u kabi”, deydi Usmonova.

Ushbu videolavha tarmoqlarda ko‘rinish berishidan avval, hech kim uning oilasida bunday holat bo‘lgan, degan xayolga bormasdi. Chunki u har safar maxsus kunlarda, jumladan, sobiq turmush o‘rtog‘ining tug‘ilgan yoki vafot kunida, u bilan  turmush qurgan sanada Bobur Usmonovning suratlarini joylab, u haqdagi she’rlari, monologlari va eng yaxshi xotiralarini yozardi.

Xo‘sh, unda nega ayol aynan hozir barcha haqiqatlarni ochiqlashga qaror qildi? Ma’lumki, Qozog‘istonda sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘zining turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblanyapti va hozirda mazkur ish bo‘yicha sud davom etmoqda. Usmonovaga ko‘ra, u Saltanat Nukenovaning taqdirida o‘zining umrini ko‘rgan.

"Uning umri ketdi, mening obro‘yim ketsa, ketaversin", deb yozgan Diyora Usmonova.

Shuni ham aytib o‘rish kerakki, Bobur Usmonov halok bo‘lgan vaqtda uning yonida begona ayol bo‘lgan. 

Diyora Usmonova sobiq turmush o‘rtog‘ining o‘limidan 3 yil o‘tib, 2016 yilda “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi bo‘lgan tadbirkor Botir Rahimovga turmushga chiqdi. Usmonovaning birinchi turmushidan bir qiz, ikkinchi turmushidan bir o‘g‘il farzandi bor. Bo‘lib o‘tgan voqealarga qaramay, Usmonovaning qaynota-qaynonasi va qaynsingli Ganya Usmonova bilan munosabatlari yaxshi. 

O‘zi haqidagi haqiqatlarni ochiqlayotgan ayollar safiga Dubaydagi qozog‘istonlik diplomatning xotini ham qo‘shildi. U ham tarmoqlarga joylagan videosida 10 yildan beri zo‘ravonlikka uchrayotganini haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonada maslahatchisi bo‘lib ishlaydigan Saken Mamash o‘zining rafiqasini muntazam ravishda kaltaklab kelgan. 

5 may kuni esa xotinining singlisiga nisbatan ham kuch ishlatgan. Ayol o‘z murojaatida erining ishdan olinishini so‘ragan. 

"Salom! Men Karina Mamash Gosmanovna, BAAdagi elchixona maslahatchisi Mamash Sakenning rafiqasiman. Men 10 yildan beri zo‘ravonlikka duchor bo‘layotganimni e’lon qilaman. Erimning diplomat maqomidan mahrum etilishini va menga nisbatan qilgan barcha harakatlari uchun qamoqqa tashlanishini istayman. Men jismoniy, jinsiy, hissiy, iqtisodiy, maishiy, oilaviy zo‘ravonlikka uchrayapman", deyiladi ayolning murojaatida. 

Ayrim nashrlarning yozishicha, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi BAAdagi elchixona maslahatchisi Saken Mamashni zudlik bilan chaqirib olgan.

Qayt etish kerakki, 2015 yilda Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi xalqaro akt qabul qilingan. Bundan tashqari yana o‘nlab ayollarning huquqlari uchun kurashuvchi tashkilot va jamg‘armalar mavjud. Shunga qaramay, dunyo bo‘ylab kamida har 3 ayoldan 1 nafari hayoti davomida jinsiy, jismoniy yoki boshqa zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Unutmangki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik nafaqat onalarning sog‘lom farzand tarbiyalashiga to‘sqinlik qiladi, balki ular yashayotgan mamlakatdagi iqtisodiy taraqqiyot va barqarorlikka ham ta’sir qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing