Avtoritetlarga reyd

Tahlil

Bir necha kundan buyon Respublika bo‘ylab “Dolzarb 40 kunlik” profilaktik tadbirlari davom etmoqda. Tadbir doirasida bir necha jinoiy to‘dalar ushlandi. 2 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi, ko‘pchilik “Salimboyvachcha” nomi bilan taniydigan Salim Abduvaliyev ham qo‘lga olingani haqidagi xabarlar tarmoqlarga sizdrildi. Oradan 4 kun o‘tib Toshkent shahar IIBB “Salimboyvachcha” qo‘lga olingani haqida rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, poytaxt hududida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jinoiy faoliyat olib borgan bir nechta shaxslar gumonlanib ushlangan. Ular orasida “Salimboyvachcha” ham bor. 

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 1950 yilda tug‘ilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev (248-modda 1-qismi, o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash)da gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa  Abduvaliyev allaqachon uyidan tashqariga chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yurilgani haqidagi xabarlar “bolalamoqda”. Ammo bu IIBB tomonidan tasdiqlanmagan. 

Shuningdek, bir necha kun oldin ko‘pchilikka “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanish bo‘lgan Baxtiyor Qudratullayev Tovlamachilik, giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlarda gumonlanib qo‘lga olingan edi.

QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev 15 sutkaga qamalgan. 

Sud qarorida keltirilishicha, Baxtiyor Qudratullayev joriy yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, fuqarolarning tinchligini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Huquqbuzar Qudratullayev sud majlisida, huquqbuzarligini tan olmay, uyida bo‘lganida uni xonadonidan olib ketishganini bildirib, suddan ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Sud qarori bilan, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, 15 sutkaga qamalgan.

Shuningdek, poytaxt Toshkentda “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Akmalovich Buzrukov ham qo‘lga olindi. 
“Dolzarb 40 kunlik” doirasida o‘tkazilayotgan tergov-tezkor harakatlar davomida 1985 yilda tug‘ilgan Buzruk Akmalovich Buzrukov Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan ayblanmoqda. 

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov davom etmoqda”, deyiladi IIBB xabarida.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining malum qilishicha, Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. 

Mazkur jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoiy faoliyat olib borgan yana 10 kishi hibsga olingan. 

Qo‘lga olinganlarning deyarli barchasi, JKning 165-modda 2-qismi (ko‘p miqdorda tovlamachilik), 277-moddasi 2-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik)da gumonlanib qo‘lga olingan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham kriminogen vaziyat ustidan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi viloyatda “Baxti Tashkentskiy”ga  yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgan Doston Halilov ushlangani haqida xabar berdi. 

Malum qilinishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam  Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan sudlangan Doston Xolbo‘ta o‘g‘li Halilov qo‘lga olingan. 

Farg‘ona viloyati IIBga ko‘ra, Doston Halilov “Baxti Tashkentskiy” laqabli Baxtiyor Zaparovich Qudratullayevga yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgan.

“U qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga qochib o‘tmoqchi bo‘lgan payt, “Do‘stlik” chegara postida qo‘lga olindi”, deyiladi xabarda.

Halilovga nisbatan Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPK ning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Namangandagi “tozalash”da esa 35 kishi qo‘lga olingan. 

“Namangan viloyati hududida tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb 40 kunlik” doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 20 ta holatda ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddalari, 7 ta holatda 4615 dona psixotrop dori vositalarini saqlash va o‘tkazish holatlari, 13 dona noqonuniy qurol hamda 190 dona o‘q-dorilarni saqlash holatlari, 61 000 donadan oshiq turli xil pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritilishi holatlariga chek qo‘yildi”, deyiladi Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabarida. 

Shuningdek, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 35 nafar shaxslar ushlanib, qonun ustuvorligi ta’minlangan. 

Navbat Andijonga. Viloyatda tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 20 nafar shaxs ushlandi. 

Andijon viloyati Ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, 9 ta holatda ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddalari, 5 ta holatda 16 330 dona psixotrop dori vositalarini saqlash va o‘tkazish, 7 dona noqonuniy qurol, 84 ming donadan ortiq turli xil pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritilishi holatlariga chek qo‘yilgan.

Shuningdek, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 20 nafar shaxslar ushlanib, qonun ustuvorligi ta’minlangan.

Shuningdek, Andijondagi “tozalash”da konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish bo‘yicha sudlangan 62 yashar otaxon ham qo‘lga olingan. 

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Ichki ishlar idoralari tomonidan uch kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 251-1-moddasi (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 273-modda (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxslar huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.  

Xususan, joriy yilning 2 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan Dilmurod Adxamjanovich Mamajanov qo‘lga olingan. 

Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan “Dolzarb qirq kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 6 dekabr kuni yana 6 nafar shaxs jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlandi. 

Ular orasida Toshkentning “kriminal avtoriteti” ekani aytilgan muqaddam sudlangan Abbosxon Xo‘jayev ham bor. 

U ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-modda 2-qismi bilan ayblanmoqda. 

Xo‘jayev 2017 yilning sentyabr oyida ham Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qo‘lga olingan edi. O‘shanda IIBBdan berilgan ma’lumotlarda Abbosxon Xo‘jayev Toshkentda jinoiy guruh tashkil etgani va jinoyatchilik olamida “avtoritet” maqomini qo‘lga kiritish uchun harakat qilgani aytilgan edi. 

2017 yilda Abbosxon Xo‘jayevga nisbatan giyohvand moddalarni saqlash bo‘yicha ayb e’lon qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqildi va 2018 yilning 20 iyun kuni sud hukmi e’lon qilingan. 

Sud jinoyat ishi materiallarini o‘rganib chiqib, sudlanuvchini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topgan va ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini qat’iy tartibli koloniyada o‘tash haqida hukm chiqargandi. 

Abbosxon Xo‘jayev bilan birga yana 5 kishi qo‘lga olingan. Ular 

Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi, juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini o‘tkazish; 
276-moddasi 2-qismi, ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash;
104-moddasi, Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan gumonlanib ushlangan. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing