Arosatdagi SHKTRni O‘zbekiston va boshqalar tan oldi...mi?
Tahlil
−
09 noyabr 2023
5474Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar bugun, 9 noyabr kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi.
Gap shundaki, Ersin Tatarning ushbu sammitda ishtirok etishi va Toshkentga kelayotgani haqida rasmiy manbalar tomonidan xabar berilmagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti o‘tkazilishiga doir xabarda ham SHKTRdan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammitida ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z an’anasiga sodiq qolib, sammitdagi nutqida, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, uning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ham kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini TDTning boshqa liderlari qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edi.
“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiy Davlatlar Tashkilotining X sammiti yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan imzolangan deklaratsiyada turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida kuzatuvchi maqomi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi qayd etilgan.
Tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar O‘zbekistonda bo‘sh o‘tirmayapti. 9 noyabr tongigacha uchta uchrashuv o‘tkazdi. Tashrifi rasmiy manbalar tomonidan ochiqlanmagan Tatar Toshkentda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashdi.
E’tiborli jihati shundaki, tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti idorasi tomonidan Ersin Tatarning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgani haqida tarqatilgan xabarda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkentda o‘tayotgan 16-sammitida kuzatuvchi maqomida ishtirok etayotgani aytilgan.
Shuningdek, Tatar Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar bilan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni muhokama qilgan.
Tatar, Pokiston Bosh vaziriga Kipr muammosining tarixi va muzokara jarayonlari haqida ma’lumot berib, Kipr turk xalqiga nisbatan qo‘yilgan adolatsiz embargolarni izohlagan. Shimoliy Kipr Turk Respublikasida qardosh Pokistonning 10 mingga yaqin fuqarosi yashayotganini eslatgan va Pokiston bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish istaklarini ifoda etgan.
Kiprda muammoning yechimi faqat ikki davlat tamoyili asosida amalga oshirilishi mumkinligini ifoda etgan Tatar, buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va aloqaga chiqqan barcha rasmiylarga tushuntirganini qayd etgan.
U Kipr turk xalqining orolda teng huquqli xalq ekanligini, lekin Yevropa Ittifoqining Kipr rumlarini yakka a’zo sifatida haqsiz qabul qilganini va ikki davlatning hamkorligiga asoslangan yechimning eng yaxshi yechim bo‘lishini aytgan.
G‘azoda sodir bo‘lgan voqealarning Kipr turk xalqi boshidan kechirgan hujum va qirg‘inlarga o‘xshash ekanini tilga olgan Tatar, bu hujumlar o‘tmishni eslatganini, bolalar o‘ldirilgan hujumlarning nihoyasiga yetishidan umidvorligini bildirgan.
Pokiston Bosh vaziri Kakar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasining IHTda ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Shuningdek, Tatar, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashuvda SHKTR IHT bilan aloqalarini rivojlantirishni xohlayotganini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy Ersin Tatarga yuzlanib, Kipr turk xalqining muammo va talablarini yaqindan bilishini va xalqaro aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan.
Noziriy, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining IHT yig‘ilishlarida kuzatuvchi maqomi bilan ishtirok etishidan mamnunligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun 8 noyabr kuni Toshkentga keldi. Uning tashrifi haqida O‘zbekistondagi rasmiy manbalarda axborot berilmadi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti haqida tarqatilgan rasmiy axborotda Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan.
LiveBarchasi