Sergelidan nechta o‘lik chiqdi? Fojianing ikkinchi kunidan reportaj
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023
30786Xabaringiz bor, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxona portlashi oqibatida hududda yong‘in chiqdi. Omborga yaqin bo‘lgan ko‘p qavatli uylarga zarar yetishi oqibatida xonadonlarning oynasi sinib, ta’mirlashga muhtoj holga kelib qolgan. Voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yashaydiganlar tongni eshik, romsiz ottirdi. Ular hozirgacha bo‘lgan voqeani ko‘zida yosh bilan eslamoqda.
“Rom bo‘lmagani uchun biroz sovuq bo‘ldi, nabira, kelinlarni onasinikiga jo‘natib yubordik. Xotirjam uxladik, qo‘rquv biroz yo‘qoldi. Lekin biroz gumburlash bo‘lganida yana boshlandimi deb qo‘rqdim. Atrofdagi odamlarni ko‘rib xotirjam bo‘ldim. Hammaga yana bir bor rahmat aytaman. Biz 8-qavatda yashaymiz. Ovqatlarimizni ham olib chiqib berishyapti”, deydi aholi vakillaridan biri.
Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov borib, holatni o‘rgandi va aholi bilan suhbatlashdi. Unga o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov QALAMPIR.UZ jurnalistining savollariga javob berar ekan portlash vaqtida jarohatlanib vafot etgan 17 yoshli Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayevning oila a’zolari bilan suhbatlashgani va uning oilasiga yordam berilishini aytdi.
“Marhumning ota-onasi bilan gaplashdim. Ular judayam tushkun holatda. Farzand dog‘ini dushmaningizga ham ravo ko‘rmaysiz. Hamma yordamni qilyapmiz, lekin, o‘zlariga ham aytdikki, biroz holatlari yaxshilangach, yana ko‘rishib, suhbatlashamiz. Xotirjam bo‘lgach, nima yordam kerakligini aytishsa, albatta yordam beriladi”, deydi Umurzoqov.
U so‘zida davom etarkan, atrofidagi saxovatpesha do‘stlari ham jim qarab turmagani, kimga qanday yordam kerak bo‘lsa, ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
“Qancha o‘rtoq va tanishlarim qo‘ng‘iroq qilib, kimga nima yordam beraylik, deb so‘rashmoqda. Bunday odamlar yo‘q emas. Viloyat hokimlari qo‘ng‘iroq qilishyapti, nima yordam beraylik [deb so‘rashyapti]. Rahmat, Hukumatimiz tomonidan hamma sharoit qilib berildi”, deydi Umurzoqov.
Ijtimoiy tarmoqlarda Sergelida sodir bo‘lgan fojiaviy portlashda nafaqat bir o‘smir, balki Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi xodimlari ham vafot etgan, degan xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov mazkur masalaga to‘xtalar ekan shunday dedi:
“Bu darajada yetkazilgan zararga operativ choralar ko‘rish maqsadida Prezidentimizning topshirig‘iga asosan Hukumat rahbari Abdulla Nigmatovich bilan soat 03:00 da yetib kelganmiz. Hukumat raisi kelganlarida o‘chirish haqida gapirmadilar, hududdagi xalqning hayoti nima bo‘lishini o‘yladilar. Davlat idoralari, 12 ta tuman hokimi va uning sektor rahbarlari, barcha kommunal xizmatlar yelkama-yelka turib, operativ shaklda hamma masalalarni yechgani uchun “do‘stlarimiz”, albatta bunday gaplarni chiqaradi”, deydi Shavkat Umurzoqov.
Hokim tuni bilan xizmat qilgan va eshik, romlarni vaqtida yetkazib bergan barcha tadbirkorlarga rahmat aytarkan, ular tomonidan olib kelinayotgan har bir mahsulot puli kelishilgan narxda sotib olinishi va bu vaziyatda tadbirkorning bo‘yniga hech qanday qo‘shimcha majburiyatlar yuklanmasligini aytdi.
“592 ta xonadon ta’mirlanayotgan bo‘lsa, romlarning umumiy miqdori 3,5 kv.m ni tashkil qilyapti. Tadbirkorlarga rahmat aytaman. Qurilish mollari, eshik va romlarni yetkazib berayotgan har bir tadbirkorlar narxini 30 foiz arzon qilib berishmoqda. Bundan tashqari uy va xona eshiklari ham olib kelinmoqda. Shuni alohida aytish kerakki, har bir tadbirkorning puli beriladi va ularning bo‘yniga hech narsa qo‘yilmaydi”, deydi Umurzoqov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hududdagi bitta bolalar bog‘chasi va maktab ham kapital ta’mirdan chiqariladi. Qolaversa, aholi yashaydigan hududda bolalar maydonchasi, avtoturargoh va qariyalarning dam olishi uchun bog‘ ham tashkil qilinadi.
LiveBarchasi