Islom Karimovdan Jo Baydengacha. Prezidentlarning maktabdagi ilk kuni

Bu qiziq

image

Birinchi sinfga borgan kuningiz yodingizdami? Hech kim maktabdagi “Birinchi qo‘ng‘iroq” kunini esdan chiqarmasa kerak. Katta hayotga ilk qadam, hayajon, quvonch hamma hislar bir joyda jam bo‘lgan o‘zgacha kun. 

Sizu biz kabi siyosat olami vakillarining hayotida ham “Birinchi qo‘ng‘iroq” ular uchun katta yo‘lning boshlanishiga aylangan bo‘lsa ajab emas. Ba’zi siyosatchilar boshlang‘ich ta’limdanoq siyosiy fanlarni o‘rgangan, ba’zilari maktab payti bu sohadan yiroq bo‘lishgan. Ushbu maqolada dunyoga mashhur siyosatchilarning boshlang‘ich ta’limi haqida bilib olasiz.

Islom Karimov – Samarqand shahridagi 21-maktab

Islom Karimov 1945 yilda Samarqanddagi A.S.Pushkin nomidagi 21-maktabga o‘qishga kirib, uni oltin medal bilan tamomlagan. O‘quvchilik yillari mobaynida ko‘p kitoblarni, ayniqsa, tarix bo‘yicha adabiyotlarni o‘qidi. U aniq fanlarni yoqtirardi, shaxmatga, modellashtirish va stol tennisiga qiziqardi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa, taxminlarimizga ko‘ra, boshlang‘ich ta’limni 1964-1975 yillarda Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 60-sonli maktabda olgan. Afsuski, biz bu haqida ochiq ma’lumotlarni topa olmadik.

Jo Bayden – Arkmeyr akademiyasi

AQSH prezidenti Jo Bayden bilim olishni 1961 yilda Arkmeyr akademiyasidan boshlagan. U maktabdagi faoliyati davomida o‘z sinfida sardor bo‘lgan va aynan shu vaqtdan boshlab siyosiy fanlarni o‘rgana boshlagan.

2020 yil saylovdan oldin o‘zining birinchi ta’lim dargohiga borgan Bayden maktab bilan faxrlanishini aytib, maktabni modernizatsiya qilishga va’da bergandi.

Vladimir Putin – Sankt-Peterburgdagi 193-maktab

Vladimir Putinning birinchi maktabi Leningrad – hozirgi Sankt-Peterburgdagi 193-maktab bo‘lgan. U ushbu maktabda 1960-1965 yillarda o‘qigan bo‘lib, keyinchalik u o‘rta ta’limni 281-maktabda davom ettirgan.
 
"Men maktabda odatdagidek o‘qiganman. Sakkizinchi sinfgacha Sankt-Peterburgdagi 193-maktabda, keyin esa boshqa maktabda ta’lim olganman. Men yangi o‘tgan maktab Texnologiya instituti qoshida bo‘lib, kimyo va fizikaga ixtisoslashgan edi. Ammo nimadir meni aniq fanlardan boshqa yo‘nalishga burib yubordi. Men universitetda yuridik fakultetga o‘tdim. O‘qishga topshiradigan vaqtim menda chet tili, tarix, adabiyot fanlari yaxshi emasligini, men ularni o‘rganishim kerakligini anglagandim”, degan edi Rossiya Prezidenti 2017 yil Sirius markazi talabalari bilan uchrashuvda.

Emmanuel Makron – Amendagi litsey

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa dastlabki ta’limni oddiy maktabda emas, balki 1992 yilda Amendagi litseyda boshlagan. U litseydagi davrlaridayoq o‘zining o‘tkir zehni bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. U o‘zining hozirgi turmush o‘rtog‘i Bridjet Makron bilan birinchi marta o‘sha yerda tanishgan bo‘lib, ular keyinchalik 2007 yilda turmush qurgan.

Rishi Sunak – Stroud maktabi

Millati hind bo‘lgan amaldagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak esa boshlang‘ich ta’limni Strouddagi tayyorlov maktabida olgan. Ushbu maktab pulli bo‘lib, unda 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ta’lim berilgan. Hozirda Strouddagi tayyorlov maktabida bir yil o‘qish o‘rtacha 4000-6000 funtga tushadi. 

2022 yil Rishi Sunak bosh vazir etib tayinlanganda Stroud maktabi uni shunday tabriklagandi: “Biz o‘quvchimiz Rishi Sunakni Bosh vazir bo‘lgani bilan tabriklaymiz. Umid qilamizki, uning Stroud, Edvard VI tayyorgarlik maktablarida olgan bilimi faoliyati davomida ancha qo‘l keladi”.

Angela Merkel – Gyote nomidagi maktab

Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel esa ta’limni 1960 yil Gyote nomidagi katta maktabda boshlagan va ushbu maktabda 8 sinfgacha o‘qigan. Maktab vaqtida u matematika va rus tili fanlaridan yaxshi natijalarga erishgan. 

Aynan shu maktabda u tabiiy fanlarga qiziqib qolgan. Keyinchalik oliy ta’limni ham u Karl Marks universitetida tabiiy fanlar sohasida davom ettirgan va 1986 yilda kvant fizikasi haqidagi ilmiy tezisi uchun doktorlik darajasini olgan. Germaniya 1989 yil birlashtirilgach, Merkel o‘zining siyosiy faoliyatini boshlagan.

Vladimir Zelenskiy – Krivoy Rogdagi maktab

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 1978 yil 25 yanvarda Ukrainaning Krivoy Rog shahrida yahudiylar oilasida tug‘ilgan. Kichkinaligida ular Mo‘g‘ulistonning Erdenet shahriga ko‘chib ketishdi. To‘rt yil ular Erdenetda yashagach, oila Krivoy Rogga ko‘chib kelgan va shu yerdagi boshlang‘ich maktabda ta’limni boshlagan. U maktab ta’limini rus tilida olib borgan, shuningdek o‘sha vaqtda ingliz va ukrain tillarida ham so‘zlasha olgan. 1995 yilda u Kiyev xalq xo‘jalik universitetining mahalliy kampusi bo‘lgan Krivoy Rog iqtisodiyot institutiga o‘qishga kirgan. 2000 yilda ushbu universitetning huquqshunoslik fakultetini tamomlagan.

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing