Kambag‘alning bolasi o‘qib oyni olarmidi yoxud davlat maktablarida tabaqalanish
3-sahifa
−
19:54 1542 6 daqiqa
Davlat maktablarida ta’lim olish bepul. Hech bo‘lmaganda qonunchilikdagi asosiy tamoyil shunday. Ammo amaliyotda ayrim ota-onalar farzandini aynan davlat maktabining o‘zida o‘qitish uchun har oy millionlab so‘m to‘layapti. Shu yerda tabiiy savol tug‘iladi: Davlat maktabida ta’limning qaysi qismi bepul, qaysi qismi esa pulli bo‘lishi kerak?
Agar gap qo‘shimcha ta’lim xizmatlari haqida ketayotgan bo‘lsa, ular qanday huquqiy asosda tashkil etiladi? Ota-onalarga tijoriy sinflarni taklif qilish mumkinmi? Umuman, davlat maktabida “pulli sinf” tashkil etish qonuniymi? QALAMPIR.UZ mavzuni o‘rganib, ushbu savollarga javob topishga harakat qildi.
“Bizning maktabda “pulli sinf” tashkil qilingan. Lekin mening bolalarim ushbu sinfga chiqmaydi. Birinchi sinfdan to‘rtinchi sinfgacha bo‘lgan boshlang‘ich sinflar uchun tashkil qilingan. Bizga ham taklif qilishdi, xohlovchilar uchun ekan.
Bitta sinfda 20 nafargacha bola bo‘ladi. Uning tarkibida ikki mahal ovqatlanish, uzaytirilgan guruh va darsdan tashqari to‘garaklar bor. Masalan, shaxmat, boks kabi to‘garaklar, matematika yoki ingliz tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qilingan”, deydi ota-onlardan biri.
Bir maktab. Bir xil yoshdagi bolalar. Bir xil darslar. Ammo ota-onalarning to‘lovi har xil.
Kimdir farzandini davlat maktabida bepul o‘qitadi, yana kimdir shu maktabning o‘zida ta’lim uchun har oy millionlab so‘m to‘laydi. Buning sababi esa, ota-onaning moliyaviy imkoniyati yoki ta’lim sifatiga bo‘lgan talab bilan izohlanmoqda. Ammo shu o‘rinda yana bir qiziq savol tug‘iladi: pulli sinflarda o‘qimaydigan bolalarga sifatli ta’lim berilmaydimi?
“Ikkita nabiram “pulli sinfda” o‘qiydi. Men bunga qarshi emasman. Sababi, hozir unchalik qimmat emas, oyiga bir million so‘m atrofida bo‘lsa kerak. O‘qituvchilari yaxshi dars beradi. Bolalar ham yaxshi o‘qiyapti. Savol-javoblari ham yaxshi. Uyda dars tayyorlashi ham ancha yaxshilangan. Menimcha, bu yaxshi”, deydi biz suxbatlashgan ota-onalardan yana biri.
Har holda Konstitutsiyasining 50-moddasida davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlashi belgilangan. Demak, davlat maktabidagi ta’limning sifati ota-onaning qo‘shimcha pul to‘lash yoki to‘lamasligiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak.
“Pulli sinflar”ni ochish qonuniymi?
2019 yilda hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilangan. Hujjatga ko‘ra, qo‘shimcha ta’lim berishga qaratilgan pulli ta’lim xizmatlaridan foydalanish ixtiyoriy.
U maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan, ya’ni davlat ta’lim standartlaridan tashqari mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Xizmat maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
Uning narxlari maktab kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda, direktor tomonidan tasdiqlanadi. Direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarning majburiy tartibda pulli ta’lim xizmatlariga jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biroq mazkur tartib kuchga kirganiga qaramay, davlat maktablarida pulli ta’lim xizmatlarini tashkil etish masalasida ota-onalar va maktab rahbariyatlari o‘rtasida hamon tushunmovchiliklar mavjud.
Pulli sinflar tashkil etilgani haqida murojaat qilgan ota-onalar ortidan maktablarga borganimizda esa direktorlar boshqacha izoh berdi. Ularning aytishicha, maktablarda “pulli sinflar” mavjud emas, balki ayrim sinflarda qo‘shimcha ta’lim tashkil etilgan.
“Pulli sinf” bilan “qo‘shimcha ta’lim tashkil etilgan sinf”ni nima farqi bor?
Amaldagi qonunchilikda “pulli sinf” yoki “qo‘shimcha ta’lim tashkil etilgan sinf” degan alohida tushuncha nazarda tutilmagan. Bu yerda gap o‘quvchiga darsdan tashqari vaqtda qo‘shimcha ta’lim xizmatini ko‘rsatish haqida ketmoqda.
Aniqroq tushuntiradigan bo‘lsam, masalan, bu yil maktabda 4 ta sinf ochildi. Ularning 3 tasi oddiy tartibda, bittasida esa qo‘shimcha ta’lim xizmati tashkil etilgan. Direktorlarning ta’kidlashicha, bu sinf ota-onalarning talabi asosida va ixtiyoriy ravishda tashkil etilgan.
Agar qo‘shimcha ta’lim xizmati ota-onalar uchun ixtiyoriy bo‘lsa, nega u faqat bitta sinfda tashkil etilgan?
Bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy munosabatini olish uchun so‘rov yuboragnimizda, quyidagicha javob oldik.
“Ijtimoiy tarmoqlarda “pulli sinf” deb noto‘g‘ri talqin etilayotgan holatlar aslida davlat umum ta’lim maktablarida o‘quvchilarga o‘quv reja va davlat ta’lim standartlaridan tashqari qo‘shimcha bilimlar berish uchun tashkil etiladigan ta’lim xizmatidir. Ushbu mezon Hukumatning 2019 yil 22 apreldagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda alohida qayd etilgan. Maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Pulli ta’lim xizmatlaridan topilgan budjetdan tashqari mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga, qolgan qismi maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin. Eng muhimi, maktablarda tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlariga direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy tartibda jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2026–2027 o‘quv yilida 795 ming nafardan ortiq bola 1-sinfga qabul qilindi va ularning barchasi o‘quv rejadagi fanlardan bepul o‘qitilishi kafolatlanadi”, deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari.
Vazirlikning javobidan ko‘rinib turibdiki, qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ota-onalarning ixtiyoriy roziligi va shartnoma asosida ko‘rsatilishi mumkin. O‘quvchini bunday xizmatga majburlash esa mumkin emas.
Ammo bizni qiziqtirgan asosiy savolga – nega ixtiyoriy pulli xizmat aynan alohida sinf shaklida tashkil etilayotgani va o‘quvchilar shu asosda sinflarga ajratilayotgani masalasiga – vazirlik javobida aniqlik kiritilmagan.
Biroq, amaldagi nizomda ko‘rsatilishicha, hech qanday pulli sinf ham yoki pulli to‘garakli sinf ham tashkil qilish qonunan belgilanmagan. Hatto uni ota-onalarga ixtiyoriy shaklda taklif qilib, alohida bir sinfga ajratish ham mumkin emas. Faqat darsdan so‘ng qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini tashkil qilish, ya’ni maktabning asosiy o‘quv dasturiga kirmaydigan, davlat ta’lim standartlaridan tashqari mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish qonuniy.
Bu xizmatlar shunchaki og‘zaki kelishuv bilan tashkil etilmaydi. Nizomga ko‘ra, maktab pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yillik reja ishlab chiqadi. Ushbu reja har bir kalendar yil boshlanishidan oldin tayyorlanib, maktab Kuzatuv kengashiga kiritiladi va kengash tomonidan ko‘rib chiqilib tasdiqlanadi. Keyin esa yillik reja vazirlik yoki maktabning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi kerak.
Biroq, direktorlarning “ota-onalar talab qildi, shuning uchun bitta sinfda qo‘shimcha ta’lim tashkil etdik” degan vajlari yetarli emas. Bunday xizmat nizomda belgilangan tartibda rejalashtirilganmi, Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanganmi, rasmiy e’lon qilinganmi va ota-onalar bilan shartnoma tuzilganmi? degan savollarga javob berishi kerak.
Ota-onalar fikriga quloq tutganimizda, ular davlat maktablarida pulli sinflar tashkil etilishidan tashqari, farzandlarining ta’limi uchun boshqa xarajatlari ham ancha-muncha ekanini ta’kidlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, amaldagi qonunchilikda davlat maktablarida “pulli sinf” tashkil etish degan tushuncha yo‘q. Shunga qaramay, ayrim maktablarda bunday sinflar “qo‘shimcha ta’lim xizmati tashkil etilgan sinf” sifatida izohlanmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra esa, qo‘shimcha ta’lim xizmati o‘quvchiga darsdan tashqari vaqtda, ota-onaning ixtiyoriy roziligi va shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Ya’ni, buning uchun alohida pulli sinf tashkil etilishi belgilangan emas.
Shu sababli, agar biror davlat maktabida “pulli sinf” tashkil etilib, uning nomi shunchaki “qo‘shimcha ta’lim xizmati tashkil etilgan sinf” deb o‘zgartirilayotgan bo‘lsa, bunga e’tiborli bo‘ling. Chunki davlat maktablarida bepul ta’lim olish huquqi Konstitutsiya bilan kafolatlangan.
Live
Barchasi