Mirziyoyev Farg‘onada 2 hokimni ishdan oldi, uchtasiga hayfsan berdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida bugun, 27 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga borgani haqida xabar bergan edik. Davlat rahbari Qo‘qon shahrida videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari bir qator sohalarda ishlar qoniqarsiz tashkil qilinganini ta’kidladi. Yig‘ilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani ko‘rsatib o‘tildi. 

Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv ta’minoti og‘irligi sabab 1157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qo‘yilayotgani aytildi.

Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga o‘rtacha 220 ming so‘mni tashkil qilib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,5 barobar ko‘p.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagani ta’kidlandi.

Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda hokimlar tomonidan ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Shu bois, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. O‘rinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S. Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A. Ziyovutdinov va soliq boshlig‘i T. Husanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona hokim hayfsan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing