Rus mansabdorlaridan sovg‘a – sport dayjesti
Sport
−
23 iyul 2023
7501UFC’da o‘zbekistonlik sportchilar soni ko‘payib bormoqda, Nursulton Ro‘ziboyevning tashkilotdagi muvaffaqqiyatli debyuti esa unga hamon foyda keltiryapti. Bu safar Ro‘ziboyevga narxi 35-40 ming dollar turadigan avtomobil sovg‘a qilindi. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlev o‘zbekistonlik boks afsonasi Rufat Risqiyevga Malibu-2 avtomobilini sovg‘a qildi. Bahodir Jalolovning profboksdagi navbatdagi jangi sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov faoliyatini A Seriyaga qaytgan klubda davom ettirishi mumkin. Qozog‘istonda esa mashhur futbolchi YTH oqibatida vafot etdi. Rasman Maxachev va Oliveyraning revansh jangi tasdiqlandi. AQSHning “Inter Mayami” klubiga ko‘chib o‘tgan Lionel Messi debyut o‘yindayoq ajoyib gol urib, jamoasigag‘alaba keltirdi. Assalomu alaykum. Yakunlanayotgan haftada ro‘y bergan eng muhim sport voqeliklari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekistonlik MMA'chi Bogdan Guskov UFC'ga o‘tmoqda. Bu haqda tashkilotning Twitter'dagi “UFC Roster Watch” sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, bugun, 18 iyul kuni Bogdan Guskov UFC rosteriga kiritilgan.
“Jangchi qo‘shildi: Bogdan Guskov”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Guskov O‘zbekistonda tug‘ilgan va O‘zbekiston hamda Rossiya bayroqlari ostida jang o‘tkazadi. U bungacha MPL, MMA Series, Brave FC, AMC va RCC promoushenlarida oktagonga ko‘tarilgan. MMA bo‘yicha sport ustasi, greppling bo‘yicha Rossiya chempionati sovrindori hisoblanadi. Guskov MMA'dagi professional faoliyati davomida 14 ta jang o‘tkazib, 12 tasida g‘alaba qozongan va ikki marta imkoniyatni boy bergan.
***
Nursulton Ro‘ziboyev UFC'dagi navbatdagi jangini qachon va kimga qarshi o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda MMA insayderi Marsel Dorf xabar berdi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik UFC jangchisi joriy yilning 4 noyabr kuni Braziliyaning San-Paulo shahrida navbatdagi UFC Fight Night musobaqasida oktagonga ko‘tariladi. O‘sha kuni unga mahalliy sportchi Kayo Borralo raqiblik qiladi. Mazkur jang orqali Nursulton boshqa bir o‘zbekistonlik jangchi uchun revansh olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Gap shundaki, 2022 yilning 22 oktyabr kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 280 turnirida Mahmud Murodov ham aynan Kayo Borraloga qarshi jang o‘tkazib, to‘liq davom etgan bahsda hakamlarning qarori bilan mag‘lubiyatga uchragan edi.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev bunga qadar 43 marta oktagonga ko‘tarilib, 35 ta jangida g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan. Uning UFC'dagi natijasi 1-0 va Ro‘ziboyev ham promoushendagi ilk jangida braziliyalik MMAchi Bruno Ferreyra bilan jang qilib, uni nokautga uchratgan edi. Kayo Borralo esa faoliyati davomida 15 ta jangda qatnashib, 14 marta g‘alabaga erishgan va 1 marta imkoniyatni boy bergan. Borralo UFC'da 4 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan.
Ha aytgancha,UFC’dagi muvafaqqiyatli debyuti Ro‘ziboyevga hamon foyda keltirmoqda. Bir necha kun oldin Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik UFC jangchisiga Jetour avtomobilini sovg‘a qildi. Bu haqda sportchining o‘zi ma’lum qildi. Ramzan Qodirov sportchini UFC’dagi debyut jangida yorqin g‘alabaga erishgani bilan tabriklab, unga avtomobil sovg‘a qilgan. Ro‘ziboyev esa Checheniston rahbariga videomurojaat yo‘llab, sovg‘a uchun minnatdorlik bildirgan.
UFC’dagi dastlabki jangidan so‘ng Ro‘ziboyevga beriladigan savollar bisyor. Shundan kelib chiqib QALAMPIR.UZ Ro‘ziboyev tug‘ilib o‘sgan joy Andijon viloyati Shahrixon tumanida sportchidan intervyu oldi. Mazkur intervyuni tez kunda QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
***
18 iyul kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlev o‘zbekistonlik sobiq bokschi Rufat Risqiyevga “Malibu-2” avtomobilini sovg‘a qildi. Bu haqda prezidentning o‘zi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Rufat Risqiyevga o‘zbek va jahon boksi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun butun boks oilasi nomidan minnatdorlik bildirilgan.
“U 1974 yilda jahon boks tarixidagi birinchi jahon chempioni hisoblanadi. Bu bizning tariximiz, biz uni asrab-avaylashimiz kerak. O‘tmishsiz kelajak yo‘q! Bizga qo‘shiling, tarixga e’tibor bering va u haqida gapirishdan tortinmang. Faqat shu yo‘l bilan biz o‘z dunyomizni saqlashimiz mumkin”, deydi Kremlev.
Umar Kremlev bunga qadar Toshkentda bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati davomida ham Risqiyevni ko‘rish maqsadida kasalxonaga borib, 10 ming dollar va esdalik uchun chempionlik kamarini topshirgan edi. Shu bilan birga, IBA tomonidan umrbod ming dollarlik maosh ham tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Rufat Risqiyev 1974 yilda ilk bor o‘tkazilgan Jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyinchalik u singan qo‘li bilan jang qilgani ma’lum bo‘lgan. U 1976 yilda Monrealdagi Olimpiya o‘yinlarida kumush medalga ega chiqqan. Ushbu o‘yinlarda Risqiyev finalga qadar yetib borgan yagona sovet bokschisi sifatida qayd etilgan.
***
O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolovning navbatdagi raqibi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda sportchining hamkori hisoblangan Top Rank promouterlik kompaniyasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Jalolov navbatdagi jangini joriy yilning 26 avgust kuni AQSHning Oklaxoma shtatida tashkil etilayotgan boks oqshomida o‘tkazadi. O‘sha kuni unga nigeriyalik tajribali bokschi Onorede Ehvareme raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, Ehvareme faoliyati davomida 22 marta ringga ko‘tarilib, undan 20 tasida g‘alaba qozongan va 2 ta jangida raqiblariga imkoniyatni boy bergan. O‘zbekistonlik bokschi esa professional boksda 12 ta jang o‘tkazib, barchasida raqiblarini muddatidan avval mag‘lub etgan. Bahodirning so‘nggi jangi amerikalik Kyortis Harperga qarshi bo‘lib o‘tgan va unda o‘zbekistonlik bokschi 4-raunddayoq raqibini nokautga uchratgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bahodir Jalolov dunyoning eng nomdor Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan edi. Shu paytga qadar Lou DiBellaning DiBella Entertainment kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan bokschi endilikda afsonaviy Bob Arumning mijozi sifatida ringga ko‘tariladi.
***
O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Italiyaning “Spetsiya” klubidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, yana bir klubga ijara asosida o‘tishi mumkin. Bu haqda “Romapress” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, A Seriyaga qaytgan “Kalyari” klubi ushbu transfer oynasida o‘zbekistonlik hujumchini qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar. Shomurodov “Roma”ning sobiq bosh murabbiyi Klaudio Raneri boshchiligidagi jamoaga mavsum oxirida sotib olish opsiyasi bilan ijaraga berilishi mumkin.
Shuningdek, “Kalyari”dan tashqari o‘zbekistonlik hujumchiga Italiyaning “Lechche” va Ispaniyaning “Jirona” jamoalari ham qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Shomurodov ortda qolgan mavsumning aksariyat qismini “Spetsiya”da ijara asosida o‘tkazdi. Uning transfer huquqlari Rimning “Roma” klubiga tegishli. O‘tgan mavsum futbolchi klub miqyosida umumiy 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va xuddi shuncha golli uzatmani amalga oshirdi.
***
Qozog‘istonning bir qancha futbol klublarida to‘p tepgan sobiq futbolchi Alibek Botirbekov baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Bu haqda Sports.kz xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, shu yilning 18 iyul kuni Olmaota – Toldiqo‘rg‘on avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Avtohalokatda Toyota Prado avtomobili temir panjaraga borib urilgan. Mashinada toldiqo‘rg‘onlik taniqli futbolchi Alibek Botirbekov bo‘lgan.
“Botirbekov boshqaruvidagi avtomobil soat taxminan 18:20 da magistralning 109-kilometrida rul boshqaruvini yo‘qotgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida futbolchi Qo‘nayev shahridagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yetkazilgan, biroq og‘ir tan jarohatlari tufayli vafot etgan. YTHda yana ikki yo‘lovchi jarohatlangan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Botirbekov 26 yoshda edi. U uzoq yil “Bayterek” va “Jetisu” futbol klublarida o‘ynagan. U oxirgi yillarda bolalar murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
***
Yengil vazn toifasida UFC kamari sohibi Islom Maxachevning navbatdagi jangi rasman tasdiqlandi. Bu haqda promoushenning matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uning navbatdagi jangi 21 oktyabr kuni Abu-Dabi mezbonligida bo‘lib o‘tadigan UFC 294 turniri doirasida o‘tkaziladi. O‘sha kuni unga sobiq chempion braziliyalik Charlz Oliveyra raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, Islom Maxachev va Charlz Oliveyra o‘rtasidagi birinchi jang 2022 yilning 22 oktyabr kuni braziliyalikka tegishli chempionlik kamari uchun kechgan edi. UFC 280 turniri doirasida o‘tkazilgan mazkur bahs dastlabki raundda rossiyalik sportchi foydasiga hal bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Charlz Oliveyra sog‘ligi va tayyorgarligidagi muammolar sabab bu jangni qabul qila olmaslinini ma’lum qilgan edi.
“Ochig‘ini aytganda men uchun oktyabr juda erta. Men noyabr yoki dekabrda jang qilishga tayyorman. Men kutishga tayyorman. Shunisi aniq men Abu-Dabida jang qilolmayman. Ko‘ramiz UFC qanday qarorga kelar ekan”, degan Oliveyra.
***
22 iyulga o‘tar kechasi Shimoliy Amerika Liga kubogi doirasidagi Lionel Messi to‘p suradigan “Inter Mayami” hamda Meksikaning “Krus Asul” jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Amerika jamoasi tarkibida Robert Teylor va Lionel Messi gol urdi. Argentinalik futbolchi 90+4 daqiqada standard vaziyatdan gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Leo 54-daqiqada Benjamin Kremaski o‘rniga maydonga tushdi. Maydonga kirdan so‘ng, u darhol sardorlik bog‘ichini oldi.
Turnirning navbatdagi uchrashuvida “Inter Maqfmi” “Atlanta Yunayted” bilan kuch sinashadi. O‘yin 26 iyul kuni, Toshkent vaqti bilan 04:30 da boshlanadi.
Bu QALAMPIR.UZ’da sport yangiliklar edi. Voqealar rivojini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda kuzatib boring.
LiveBarchasi