Farg‘ona, So‘g‘d va Batken hokimlari Qirg‘izistonda uchrashdi

Olam

image

Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida O‘zbekistonning Farg‘ona, Qirg‘izistonning Batken hamda Tojikistonning So‘g‘d viloyatlari rahbarlarining mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv doirasida viloyatlar rahbarlari Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov bilan muloqot qilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chog‘ida chegaradosh viloyatlar o‘rtasida hududlararo savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, savdo hajmini yanada oshirish va o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, Farg‘ona va Batken viloyatlari hamda Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalarning tor doiradagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Batken viloyati gubernatori Abdikarim Alimbayev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi asosiy kun tartibidan savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar o‘rin olgani aytilmoqda. Hozirda ishlab chiqilgan umumiy qiymati 13,5 mln dollarlik 8 ta qo‘shma loyihani joriy yil avgust oyidan amalga oshirishga boshlanishi kelishib olingan.

Farg‘ona viloyatining Batken bilan chegaradosh tumanlarida mavjud chegaraoldi masalalari muhokama qilingan va ularni hamkorlikda hal etish belgilab olingan. Uchrashuvlarda har ikki viloyatning chegaraoldi tumanlari hokimlari ham ishtirok etgan

So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda ikki viloyat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, birgalikda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tabiiy resurslardan hamkorlikda foydalanish, Beshariq tumanida Tojikiston bilan chegaradagi “Andarxon” nazorat-o‘tkazish punkti yonidagi maydonda barpo etilayotgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasiga bog‘liq Savdo-logistika markazi qurilishini jadallashtirish, paxta yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini So‘g‘d viloyatida yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan. 

Uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi aniq chora-tadbirlarning “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va bir hafta muddatda tasdiqlashga kelishib olingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona So'g'd Batken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing