Saylov kimga va nimaga kerak?
Tahlil
−
07 iyul 2023
92849 iyul. Bu O‘zbekiston tarixida muhim sana bo‘lib qolishi aniq. Hali bu kun haqida ko‘p gapiriladi, eslanadi, tahlil qilinadi. Garchi bugun Munisa Rizayevaning turmushga chiqishi ko‘proq muhokama qilinayotgan bo‘lsada bizning odamlarimiz ham saylovni kundalik tashvishlarining asosiy bo‘g‘ini deb qabul qiladigan kunlar keladi. Endi biz saylovning qachonligi va unda kimlar qatnayotgani, odamlar ularni tanish yo tanimasligi haqida gapirmaymiz. Zotan, bilish yo bilishga harakat qilmaslik, saylash va saylamaslik ham ularning huquqi. Biroq bu sanada va keyinchalik ham bizni birlashtiradigan umumiy majburiyat va mas’uliyat borki, u ham bo‘lsa saylovda qatnashish, o‘rnimizga boshqa birovning ovoz berib yuborishiga yo‘l qo‘ymaslik. Har qaysi mamlakatda shundagina saylov nazorati bevosita odamlar qo‘lida bo‘ladi.
Xo‘sh, saylovda ishtirok etmaslik qanchalik to‘g‘ri? Saylov o‘zi nima? U qachon paydo bo‘lgan? Qadimgi saylovlar bugungilaridan qanday farq qilgan? Hechdan ko‘ra kech, deganlaridek QALAMPIR.UZ mana shu masalalarga ham aniqlik kiritib qo‘ymoqchi.
Saylov o‘zi nima?
Saylov – vakillarni tanlashning demokratik usuli. Saylov saylovchilarga ular uchun qonunlar ishlab chiqadigan, hukumatni tuzadigan va muhim qarorlar qabul qiladigan vakillarni tanlashda yordam beradi. Shunday qilib, saylov – bu odamlar o‘z rahbarlarini muntazam ravishda tanlashi va agar xohlasa, ularni almashtirishi mumkin bo‘lgan mexanizmdir. Saylov turli ko‘rinishda bo‘ladi. Unda aholi qatnashishi yoki ularning vakillarigina ishtirok etishi mumkin. Saylov ochiq yoki yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Qaysi organ saylanayotganiga qarab parlamentga yoki prezidentlikka saylash, parlamentning umumiy yoki bir qismi uchun saylov o‘tkazilishiga qarab yalpi yoki qisman saylov bo‘lishi mumkin.
Saylovlar tarixi
Ilk saylovlar miloddan avvalgi VI asrda demokratiyaning vatani bo‘lgan Qadimgi Yunonistonda, keyinchalik Rim Respublikasida bo‘lib o‘tgan. Afinada ham, Rimda ham demokratik jarayonda ozod erkak fuqarolargina qatnasha olgan, xolos. Ayollar va qullarda ovoz berish huquqi bo‘lmagan.
Tarixchilarning aytishicha, Afinada saylovlar juda kam bo‘lgan, chunki qadimgi afinaliklar saylovni mansabdor shaxslarni tanlashning eng demokratik usuli deb o‘ylamagan. Ular demokratiya faqat boylarga emas, balki oddiy odamlarga ham ishlarni boshqarish imkonini berishi uchun nomzodlarni tasodifiy tanlash kerak deb hisoblagan.
E’tiborli jihat shundaki, Afinada o‘z lavozimiga noloyiq bo‘lgan mansabdorlar ham saylov orqali chetlatilgan. Agar biror mansabdor shaxs xato qilsa, u maxsus “ostrakizm” tanlovi orqali 10 yilga surgun qilingan. Ostrakizm saylovlarida Assambleyaning har bir a’zosiga kichik bir bo‘lak sopol topshirilgan va quvg‘inga loyiq bo‘lgan odamning ismini yozish kerakligi aytilgan. Agar kamida 6000 kishi bir xil ismni yozgan bo‘lsa, osha odam Afinadan quvilgan.
Afinada har bir shahar o‘ziga xos ovoz berish va saylovlar shaklini qo‘llagan. Masalan, Spartada demokratiya bo‘lmagan, ammo ba’zi demokratik elementlarga amal qilingan. Spartaning eng yuqori boshqaruv organlaridan biri Oqsoqollar Kengashi bo‘lib, u ikki spartalik qirol va 60 yoshdan oshgan 28 nafar saylangan amaldorlardan iborat bo‘lgan va ular lavozimni umrbodga egallagan.
Kengashdagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish uchun spartaliklar o‘ziga xos ovoz berish uslubini o‘tkazgan. Har bir nomzod navbatma-navbat katta majlislar xonasiga kirib borgan, odamlar esa baqirib, uni olqishlagan. Boshqa xonada, ko‘zdan yashirilgan holda, hakamlar g‘oliblarni tanlash uchun hayqiriqlar balandligini solishtirgan.
Rim Respublikasiga keladigan bo‘lsak, u yerdagi saylovlarning ayrim jihatlari bugungi kungacha saqlanib qolgan. Assambleyalarda ovoz berish xuddi Afina modeli kabi boshlangan, majlisning har bir a’zosi qo‘lini ko‘tarib, ochiq ovoz bergan. Ammo vaqt o‘tishi bilan badavlat “homiylar” Rim assambleyasi a’zolariga ma’lum bir tarzda bosim o‘tkazayotgani aniqlangan, shuning uchun ovoz berish yashirin tarzda o‘tkazila boshlagan.
Miloddan avvalgi 139 yilda Rimda yashirin ovoz berishning yangi turi joriy qilingan. Unda saylovchilar tashqi tomoni mum bilan qoplangan yog‘ochga o‘zi ma’qul deb topgan nomzodning nomini yozib, uni saylov qutisiga tashlab qo‘ygan. Ha, xuddi hozirgi davrdagi kabi.
Hatto o‘sha davda ham nomzodlar saylov kampaniyasi davrida o‘zlarini reklama qilgan. Arxeologlar Pompey devorlariga yozilgan qadimiy kampaniya reklamalarining yuzlab misollarini topgan. Rasmiy saylovoldi tashviqotiga kelsak, kandidatlar (nomzodlar shunday deyilgan) bir yoki ikki haftalik saylov kampaniyasi mavsumi bilan cheklangan hamda ularning aksariyati jamoat joylarida bo‘lib o‘tgan va unda nomzodlar shaxsan o‘zi qatnashgan. Shuningdek, Rimda kandidatlar bazmlar uyushtirgan, turli sovg‘alar berib ovoz beruvchilarni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan.
Saylovlar qadimgi Afinada va Rimda qo‘llanilgan bo‘lsada, zamonaviy dunyoda saylovlarning kelib chiqishi XVII asrda Yevropa va Shimoliy Amerikada vakillik hokimiyatining bosqichma-bosqich paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Vaqt o‘tishi bilan inson huquqlari sohasi rivojlanishi, qulchilikning bekor qilinishi va ayollarga ham erkaklar bilan teng huquqlar berilishi ortidan saylov jarayonlariga ham o‘zgarishlar kiritilgan. Endilikda irqi, dini, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar voyaga yetgan barcha fuqarolarga ovoz berish huquqi berilgan.
O‘zbekistondagi saylovlar
O‘zbekistonda Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishlicha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Ammo bu yil O‘zbekistonda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha xalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendum natijalariga ko‘ra, Konstitutsiyaga bir qancha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, xususan, prezidentlik vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. 2021 yilda mamlakat prezidentligiga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev o‘z tashabbusi bilan muddatidan ilgari mandatidan voz kechdi. Shunday qilib, respublikada navbatdagi saylov joriy yilning 9 iyuliga bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Partiyalar yoki nomzodlar o‘rtasidagi g‘oyaviy qutblanish, o‘zaro raqobat darajasi, kuchli takliflarning ilgari surilishi, bir nomzodning ikkinchi nomzodni tanqid qilishi, uning tarafdorlarini o‘ziga og‘dirishga urinishi saylovning kun mavzusiga aylanishiga, odamlar o‘rtasida ko‘proq muhokama bo‘lishiga, ularni saylovga qiziqishiga sabab bo‘ladi va saylovchilarni saylov punktlariga yetaklaydi.
Shuningdek, saylovlarning chastotasi ham saylovchilarning ishtiroki bilan bog‘liq, chunki saylovlar tez-tez o‘tkaziladigan mamlakatlarda kamroq odam qatnashadi.
Saylovda ishtirok etishning nisbatan past darajasi ta’lim, kasbiy maqom va daromad darajasining pastligi bilan ham bog‘liq. O‘zining kundalik muammolari bilan o‘ralashib qolgan aholi vakillari odatda saylov bilan ham, undagi nomzodlar bilan ham qiziqmaydi.
Va eng muhimi, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi, odamlar saylovning ahamiyatini his qilmasligiga, saylov natijasida turmushdagi qiyinchiliklarni yengillashtirish mumkinligini anglab yetmasligiga sabab bo‘ladi.
O‘zi yashayotgan kichik hudud – tuman, shahar, viloyat hokimlarini o‘zi saylamagan, bu vakolat deputatlarga berilgani uchun saylovning kichik afzalliklarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan aholi vakillarida, yirik saylovga bo‘lgan qiziqishning oshishi qiyin bo‘lishi mumkin.
Lekin bularning bari bo‘lmamagan taqdirda ham, saylov qiziq, raqobatbardosh tarzda o‘tkazilgan taqdirda ham unda ishtirok etuvchilar soni baribir kamligicha qolaverishi mumkin. Buning sababi esa shunchaki befarqlik va shunchaki huquqiy savodxonlikning yetishmasligi.
Saylovlarda ishtirok etuvchilar soni kamayayotgani faqat O‘zbekistonda emas, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ham muammo! Masalan, AQSHda saylov yoshidagi aholining qariyb yarmi prezidentlik saylovlarida qatnashadi. Aksincha, ko‘plab Yevropa mamlakatlarida ishtirok etish darajasi 80 foizdan oshadi. Hatto Yevropada ham ishtirok etish sezilarli darajada farq qiladi. Misol uchun, Ikkinchi jahon urushidan keyingi Italiyada o‘rtacha 90 foiz atrofidagi odamlar saylovda ovoz bergan bo‘lsa, Shveysariyadagi saylovlarda saylovchilarning 40 foizdan kamrog‘i qatnashgan.
Saylovlar o‘zi nima uchun kerak?
Xo‘sh, saylovlar o‘zi nima uchun kerak? Saylovlar xalq o‘z rahbarlari yuritayotgan siyosatini qo‘llab, quvvatlaydimi yoki yo‘qmi, qo‘llaganda ham qani qanchasi qo‘llaydi, shuni aniqlashga yordam beradi. Saylovlarda ishtirok etuvchilarning ko‘pligi esa boshqaruvchilarga xalq hali uyg‘oqligi, o‘z taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatadi va rahbarlarni sergaklantiradi. Nomzod xalqqa va’dalar beradi va u prezident bo‘lganidan keyin odamlar undan va’daning ustidan chiqishini talab qilish imkoniyatiga ega. Saylovda ovoz beruvchilarning soni ko‘p degani, bu o‘yin ishtirokchilari shuncha ko‘p degani va uning taqdiri ko‘pchilikka bog‘liqligini anglatadi. Agar odamlar saylovga bormasa, befarq bo‘lsa, yoki shunchaki rad etsa, bu o‘yin qoidalari ozchilik tomonidan yozilishiga va ozchilik manfaati yo‘lida xizmat qilishiga sabab bo‘ladi.
Saylovlar demokratiya uchun zarur, chunki u odamlarga davlatga dahldorligini eslatib turadi va hukumat vakillari uning tanlovisiz yuqorida o‘tirolmasligini anglashga yordam beradi.
Agar g‘olib nomzod 70 foiz ovoz bilan yutgan taqdirda ham qachondir bir o‘zi qolgan paytda o‘ziga o‘zi nima uchun qolgan 30 foiz ishtirokchi menga ovoz bermadi, degan savolni beradi va faoliyatida o‘zgarish qilishga, odamlarni ko‘proq o‘ylashga harakat qiladi. Yutqazgan nomzodda esa ovoz beruvchilarning soni nisbatan ko‘p bo‘lgani bois, keyingi saylovlarda qatnashish uchun motivatsiya paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, endi sizga savol – siz saylovga borasizmi?